Ispaniya sobiq bosh vazirining Fransiya milliy jamoasi haqidagi gapi katta mojaroga sabab bo‘ldi

Ispaniya sobiq bosh vazirining Fransiya milliy jamoasi haqidagi bayonoti katta bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Ispaniyaning sobiq rahbari Mariano Raxoy JCH—2026 yarim finalida Ispaniya va Fransiya o‘rtasidagi o‘yindan oldin tanqidlar ostida qoldi. Bunga uning Fransiya milliy jamoasi tarkibida “fransuz futbolchilari yo‘q” degan fikri sabab bo‘ldi.
Ispaniyaning amaldagi bosh vaziri Pedro Sanches bu so‘zlarni irqchilik deb atadi. “Kimdir hamon odamlarning qayerga mansubligini uning familiyasi, tug‘ilgan joyi yoki terisining rangiga qarab o‘lchamoqda. Ispaniya — bu yurtni sevadigan va uning ravnaqi yo‘lida mehnat qiladigan insonlarnikidir. Ksenofobik bayonotlar bilan mamlakatni sharmanda qiladiganlarga emas,” deb yozdi Sanches o‘zining X sahifasida.
Shuningdek, Ispaniya transport vaziri Oskar Puente Raxoyni “Franko (sobiq diktator) davridan qolib ketgan ahmoq” deb atadi.
Fransiyalik siyosatchilar ham bu holatga jiddiy munosabat bildirdi. Mamlakat ichki ishlar vaziri Loran Nunyes buni mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holat deb baholadi, anti-diskriminatsiya vaziri Oror Berje esa sportchilar boshqa mezonlarga qarab emas, balki faqat iqtidoriga qarab baholanishi kerakligini ta’kidladi.
Kommunistik partiya yetakchisi Fabyen Russel vaziyatni Paragvay senatori Seleste Amarillaning Kilian Mbappega qaratilgan so‘zlariga o‘xshatdi (eslatib o‘tamiz, Amarilla avvalroq Mbappeni “o‘zini fransuz qilib ko‘rsatayotgan kamerunlik” deb atagandi). Russel bu kabi jirkanch irqchilik to‘xtamayotganidan afsusda ekanini bildirdi.
Holat yuzasidan Fransiyaning Madriddagi elchixonasi o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida rasmiy javob qaytardi: “Fransiya terma jamoasining barcha o‘yinchilari — fransuzlardir. 26 nafar futbolchining 23 nafari Fransiyada tug‘ilgan. Xorijda tug‘ilgan 3 nafari ham fransuz hisoblanadi.”
Ma’lumot uchun, Fransiya va Ispaniya terma jamoalari o‘rtasidagi yarimfinal uchrashuvi 14-iyuldan 15-iyulga o‘tar kechasi soat 00:00 da boshlanadi.

