Gvardiola Italiya terma jamoasini boshqarishi mumkin
Gvardiola Italiya terma jamoasini boshqarishi mumkin
Sobiq “Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola Italiya milliy terma jamoasi bosh murabbiyligi uchun asosiy nomzod sifatida ko‘rilmoqda. Bu haqda Gazzetta dello Sport nashri ma’lumot berdi.
Manbaning xabariga ko‘ra, Italiya futbol federatsiyasi (FIGC) bosh murabbiy lavozimi uchun uch nafar mutaxassisdan iborat qisqa ro‘yxat tuzgan. Gvardioladan tashqari, Italiya terma jamoasini Yevro–2020 chempioniga aylantirgan Roberto Manchini va 2014–2016-yillarda “adzurrilar”ni boshqargan Antonio Konte ham ro‘yxatga kiritilgan. Biroq federatsiya rahbariyati ularni asosiy favorit sifatida ko‘rmayapti.
Eslatib o‘tamiz, Italiya terma jamoasi ketma-ket uchinchi Jahon chempionatiga yo‘llanma ololmagach, mamlakat futbolida jiddiy ma’muriy o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Aprel oyida bosh murabbiy Jennaro Gattuzo iste’foga chiqdi. Shuningdek, milliy delegatsiya rahbari Janluiji Buffon va Italiya futbol federatsiyasi prezidenti Gabriele Gravina ham o‘z lavozimlarini tark etdi.
11-iyul kuni esa Italiya terma jamoasining sobiq sardori Paolo Maldini Italiya futbol federatsiyasining texnik direktori etib tayinlandi.

