Turkmanistonda 6 nafar bola va ularning otasi o’limi ortidan O‘zbekiston SIM kartalariga reyd boshlandi

Turkmanistonda 6 nafar bola va ularning otasining o'limi ortidan O‘zbekiston SIM kartalariga qarshi reydlar boshlandi. O‘zbekiston aloqa operatorlarining SIM kartalaridan foydalanayotgan fuqarolarni aniqlash maqsadida reydlar o'tkazilmoqda, deb xabar berdi “Ozodlik” radiosi.
O‘zbekiston bilan chegaradosh Toshhovuz viloyatining 60 dan ortiq aholi punktlarida yashovchi fuqarolar tekshirilmoqda. Xususan, so‘nggi bir necha kun ichida Diovar qishlog‘ida o‘nta oilaning O‘zbekiston SIM kartalari musodara qilingan.
Ba'zi hollarda huquq-tartibot idoralari xodimlari qat'iy ogohlantirish berish bilan cheklanmoqda. Masalan, odamlar vaqt o‘tkazish maqsadida internetga kirayotganini tushuntirganda yoki gumonlanuvchilarning jarimani to‘lashga qurbi yetmasligi ma'lum bo‘lganda shunday yo‘l tutilmoqda.
Biroq ko‘p hollarda xorijiy aloqa xizmatlaridan foydalanganlikda ayblanganlarga 50 ming manat (rasmiy kurs bo‘yicha 14,3 ming dollar, qora bozor kursi bo‘yicha esa 2,5 ming dollardan sal ko‘proq) miqdorida jarima yoki qamoq jazosi bilan tahdid qilinmoqda. “Bunga shu kabi harakatlarning xorijiy davlat foydasiga josuslik sifatida baholanishi sabab qilib ko‘rsatilmoqda”, deyiladi xabarda.
Jurnalistlar bilan suhbatlashgan chegaraoldi hududlari aholisining aksariyati O‘zbekiston aloqa operatorlari tarmog‘iga ulangan mobil aloqa va Wi-Fi routerlardan foydalanishni afzal ko‘rishini bildirdi. Chunki Turkmaniston kompaniyalari signali kuchsiz yoki ular orqali internetga kirishning mutlaqo imkoni yo‘q.
Foydalanuvchilardan birining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston mobil operatorlarining internet tezligi Turkmanistonnikidan 300 baravar yuqori. “Hukumatimiz fuqarolarni sifatli aloqa bilan ta’minlay olmaydi, u faqat buni bostirishi va bloklashi mumkin”, dedi chegara hududida yashovchi fuqarolardan biri.
Shu bois O‘zbekistonga ish yuzasidan tez-tez borib turadigan turkmanistonliklar u yerdan SIM karta va routerlar olib keladi. Ishbilarmon aholi esa hamqishloqlariga xorijiy operatorga ulanish xizmatini 200 manatga (rasmiy kurs bo‘yicha 57 dollar, qora bozor kursi bo‘yicha esa 10 dollar) sotadi. Shuningdek, uskunalarni ro‘yxatdan o‘tkazishda yordam beradi. Eng ommabop tarmoqlar esa Uztelecom va Ucell hisoblanadi.
Taxminlarga ko‘ra, Toshhovuz viloyatida bir erkak o‘zining olti nafar farzandini va o‘zini otib o‘ldirgani haqidagi xabar internetda tarqalishi politsiyaning O‘zbekiston SIM kartalariga “ov” boshlashiga sabab bo‘lgan. Go‘yoki bu fojia haqidagi xabarlar aynan qo‘shni davlat operatorlari taqdim etgan mobil internet orqali tarqatilgani aytilmoqda.
Turkmanistonda erkak 6 nafar bolasi va o‘zini otib o‘ldirdi.
Shu bilan birga, kuchishlatar tuzilmalarda O‘zbekiston SIM kartalarini masofadan kuzatishga qodir maxsus uskunalar mavjud emas. Shuning uchun qoidabuzarlarni aniqlashda ular o‘z xodimlarini jalb qilmoqda.

