Uch oyda O‘zbekistonda noqonuniy chiqindi tashlash bilan bog‘liq 1,5 mingdan ortiq holat aniqlandi
2026-yilning ikkinchi choragida O‘zbekistonda chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash bilan bog‘liq 1548 ta huquqbuzarlik aniqlandi. Ularning 354 tasi transport vositalari, 1194 tasi esa fuqarolar tomonidan sodir etilgan. Holatlar bo‘yicha 123,4 mln so‘mlik jarima qo‘llandi.

Uch oy ichida O‘zbekistonda noqonuniy chiqindi tashlash bilan bog‘liq 1,5 mingdan ortiq holat aniqlangan
2026-yilning ikkinchi choragida (aprel-iyun oylari) O‘zbekistonda chiqindilarni belgilangan joylardan tashqariga tashlash bilan bog‘liq 1548 ta huquqbuzarlik holati aniqlangan. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi ma’lum qildi.
Xabarda aytilishicha, qoidabuzarliklarning 354 tasi transport vositalari, 1194 tasi esa fuqarolar tomonidan amalga oshirilgan.
Huquqbuzarlarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, zarur choralar ko‘rilmoqda. Jarimaga tortilganlar ulushi 16,9 foizni tashkil etadi.
Agentlikning ma’lumotlariga ko‘ra, kuzatuv kameralaridan foydalanib aniqlangan huquqbuzarliklar bo‘yicha qo‘llanilgan jarimalarning umumiy summasi 123 million 394 ming so‘mga yetgan.
Shuningdek, hozirda respublikaning deyarli barcha hududlarida jami 700 dan ortiq onlayn kuzatuv kamerasi o‘rnatilgan. Ular orqali nafaqat chiqindilarni belgilangan joylarga tashlash, balki boshqa turdagi ekologik huquqbuzarliklar ham aniqlanib, tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, belgilangan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlash, shuningdek, suyuq maishiy chiqindilarni to‘kish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan 3 baravarigacha (412 ming so‘mdan 1,236 million so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa 10 baravaridan 20 baravarigacha (4,12 million so‘mdan 8,24 million so‘mgacha) miqdorda jarima solishga olib keladi.
Aynan shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha (2,06 million so‘mdan 4,12 million so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa 20 baravaridan 30 baravarigacha (8,24 million so‘mdan 12,36 million so‘mgacha) miqdorda jarima solinadi.
Eslatib o‘tamiz, yanvar-mart oylarida O‘zbekistonda onlayn kameralar orqali chiqindilarni noqonuniy tashlash bo‘yicha 2107 ta holat aniqlangan edi.

