O‘zbekistondan Rossiyaga yashirincha 446 ta qimmatbaho tosh olib borgan erkak 10 oyga qamaldi
Rossiyaning Domodedovo aeroportida O‘zbekistondan uchgan yo‘lovchining yuki, cho‘ntaklari va ichki kiyimidan 2,5 mln rubl qiymatidagi zumrad va boshqa toshlar topildi. Sud kontrabandada ayblangan 54 yoshli erkakni manzil-koloniyada 10 oylik qamoq jazosiga hukm qildi.

O‘zbekistonlik erkak Rossiyaga yashirincha 446 ta qimmatbaho tosh olib borganligi uchun 10 oyga qamaldi. TASS xabariga ko‘ra, bu haqda Rossiya Federal bojxona xizmati (FBX) ma’lum qilgan.
Ma’lum qilinishicha, Domodedovo aeroporti bojxonachilari 54 yoshli erkakni yashil yo‘lakda to‘xtatgan. Inspektorlar uning chemodanida rentgen uskunasi yordamida 32 dona yashil rangli toshni aniqlagan. “Chet el fuqarosi jinsi shimining cho‘ntaklaridan metall plastina bilan birga turli shakl, rang va hajmdagi 313 ta mineralni chiqarib berdi. Erkakning ichki kiyimidan esa ichida yana 101 ta tosh bo‘lgan zip-paket topildi”, — deb xabar berdi FBX.
Yo‘lovchi qimmatbaho toshlarni o‘z zargarlik firmasi uchun namuna sifatida olib kelayotganini va deklaratsiya to‘ldirish zarurligi haqida bilmaganini tushuntirgan. FBX ekspertizasi ushbu plastina 960 probali kumushdan yasalganini, minerallar esa zumrad, apatit, turmalin va sintetik muassanitlar ekanini aniqlagan.
Tovarlarning umumiy qiymati 2,5 million rubl (32,2 ming dollar)ni tashkil etadi. Sud yirik hajmdagi strategik muhim resurslar kontrabandasi bo‘yicha jinoyat ishi yuzasidan erkakka manzil-koloniyada 10 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

