Turkiyada Netanyahuni hibsga olish uchun xalqaro order berildi.
Netanyahu va Isroilning boshqa rasmiylari G‘azo sektorida «insoniyatga qarshi jinoyatlar»da ayblanmoqda..

Turkiyada Binyamin Netanyahuni hibsga olish uchun xalqaro order berildi. Netanyahu va Isroilning boshqa rasmiylari G‘azo sektorida «insoniyatga qarshi jinoyatlar»da ayblanmoqda.
Istanbulning 11-Oliy jinoyat sudi, Tel-Avivning G‘azo sektoriga gumanitar yordam olib borayotgan flotiliyani to‘xtatib qo‘yishi sababli, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni hibsga olish uchun xalqaro order berishga qaror qildi, deb xabar berdi Hürriyet gazetasi.
Bu holat G‘azoga gumanitar yordam yetkazishga harakat qilayotgan Global Sumud Flotilla (GSF) gumanitar flotiliyasi bilan bog‘liq. Aprel oyida Istanbul prokuraturasi flotiliya kemalarini qurolli ravishda egallashda 35 kishiga, jumladan, Netanyahuga qarshi ayblov xulosasini e’lon qilgan edi. Prokuratura ularning har birini umrbod ozodlikdan mahrum etish va 1102 yil-u 9 oydan 4596 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilishni talab qilgan. Prokuratura Isroilning harakatlarini «xalqaro huquqning asosiy me’yorlarini ochiq-oydin va qo‘pol ravishda buzish, shuningdek, kemalarni majburan to‘xtatish, tinch aholini kuch va zo‘ravonlik ishlatib hibsga olish, jismoniy zo‘ravonlik hamda inson qadr-qimmatiga zid muomala» deb baholadi.
Ayblanuvchilar orasida Netanyahudan tashqari Isroil mudofaa vaziri Israel Kats, uning o‘tmishdoshi Yoav Galant, milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir, Bosh shtab boshlig‘i Eyal Zamir va boshqalar ham bor.
Ular «insoniyatga qarshi jinoyatlar», «genotsid», «ozodlikdan noqonuniy mahrum qilish», «qasddan badanga shikast yetkazish», «qiynoqqa solish», «bosqinchilik», «mol-mulkni yo‘q qilish yoki unga zarar yetkazish» va «transport vositasini egallab olish»da ayblanmoqda.

