Tramp tug‘ilganlik bo‘yicha fuqarolik berishni chekladi

Tramp tug‘ilish orqali fuqarolik berishni cheklashga qaratilgan farmonlarni imzoladi
AQSH Prezidenti Donald Tramp tug‘ilish asosida fuqarolik berish tartibini cheklash va "tug‘uruq turizmi"ga qarshi federal choralarni kuchaytirishga qaratilgan ikkita farmonni imzoladi. Bu haqda Oq uy xabar berdi.
Birinchi farmon AQSH hududida tug‘ilganligi sababli avtomatik fuqarolik ololmaydigan xorijliklar toifasini kengaytiradi. Bu diplomatlar, xorijiy hukumatlar manfaatlarini ifodalovchi shaxslar va "dushman davlatlar" fuqarolarining farzandlariga tegishli. Hujjat, shuningdek, AQSHning dengiz orti hududlarida tug‘ilganlarga ham taalluqlidir.
Ikkinchi farmon prezidentlik vakolatlarini Davlat kotibi va Ichki xavfsizlik vaziriga topshiradi. Ular "tug‘uruq turizmi" amaliyotiga chek qo‘yishi shart. Rasmiylar xorijlik ayollarning AQSHga faqat farzand dunyoga keltirish uchun kelishi holatlarini aynan shu nom bilan tasniflashi kerak. Ushbu tartib xuddi shunday maqsaddagi surrogat onalikka ham tegishli.
AQSH Konstitutsiyasiga kiritilgan 14-tuzatish mamlakatda tug‘ilgan va uning yurisdiksiyasiga tushadigan har qanday shaxsga Amerika fuqaroligini berishni, qonun oldida teng himoyani ta’minlashni hamda sud hukmisiz huquqlardan mahrum etishni taqiqlashni nazarda tutadi. Tramp ushbu tuzatishni bir necha bor tanqid qilgan.
Bu Trampning tug‘ilish huquqi asosida fuqarolik olishni cheklashga bo‘lgan ikkinchi urinishidir. 30-iyun kuni AQSH Oliy sudi uning inauguratsiya kunida imzolagan va AQSH fuqarosi bo‘lmagan shaxslardan tug‘ilgan bolalarni avtomatik fuqarolikdan mahrum qiluvchi farmonini rad etgandi.
Bloomberg va The Wall Street Journal nashrlarining taxmin qilishicha, Trampning yangi farmonlari ustidan ham, ehtimol, sudga e’tirozli arizalar beriladi. Migratsiya siyosati instituti (MPI) ma’lum qilishicha, AQSHda har yili "tug‘uruq turizmi" orqali taxminan 22 000 dan 26 000 gacha chaqaloq dunyoga keladi. Institut taqdim etgan hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda xorijiy manzilga ega bo‘lgan onalardan 9 600 nafar bola tug‘ilgan.

