Tramp Hormuzdan o‘tadigan kemalardan 20 foizlik soliq olish fikridan qaytdi

Tramp Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tadigan kemalardan 20 foizlik soliq olishdan voz kechdi
AQSH Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tadigan kemalarga boj to‘lovi undirmasligini ma’lum qildi. Donald Tramp 14-iyul kuni bu haqda o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qildi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, u Yaqin Sharqdagi yetakchilar bilan “samarali muzokaralar” o‘tkazgan va shundan so‘ng tranzit solig‘i g‘oyasidan voz kechishga qaror qilgan. Endi Fors ko‘rfazi davlatlari Vashington bilan savdo va investitsiya kelishuvlarini imzolashni rejalashtirmoqda. “Bu juda ulkan sarmoya bo‘ladi. Shu bilan birga, bu kelishuvlar ularning o‘zi va kelajagi uchun ham juda foydalidir,” dedi Tramp.
AQSH prezidentining qo‘shimcha qilishicha, Hormuz bo‘g‘ozining to‘liq blokadasi saqlanib qoladi. Biroq, bu taqiq faqat Eron portlariga borayotgan va u yerdan kelayotgan kemalarga, shuningdek, Eron yuklarini tashiydigan transportlarga tegishlidir.
Tramp 13-iyul kuni AQSH Hormuz bo‘g‘ozini o‘z nazoratiga olishini e’lon qilgan edi. O‘shanda u kemalarning xavfsiz o‘tishini ta’minlash evaziga kompensatsiya olmoqchi ekanini aytgan. Keyinchalik Tramp bu to‘lov tashilayotgan yuk qiymatining 20 foizini tashkil qilishini tushuntirdi.
Yirik kema egalari AQSH prezidentining bu tashabbusiga keskin qarshi chiqdi. Xususan, dunyodagi beshinchi eng yirik konteyner tashuvchi kompaniya — Germaniyaning Hapag-Lloyd korxonasi Trampning yuk qiymatidan 20 foiz haq olish g‘oyasini “mutlaqo asossiz va noto‘g‘ri” deb baholadi.

