Tramp AQSH o‘q-dorilari haqida ma’lumot tarqatganlarga qamoq bilan tahdid qildi

Tramp AQSH o‘q-dorilari haqida ma’lumot tarqatganlarni qamoq bilan tahdid qildi
AQSH prezidenti Donald Tramp Eron bilan urush fonida mamlakatda asosiy o‘q-dorilar tanqisligi borligi haqidagi xabarlarni rad etib, zaxiralar yetarli ekanini ta’kidladi va bunday ma’lumotlarni tarqatgan shaxslar javobgarlikka tortilishidan ogohlantirdi.
“AQSHda qurol-aslaha zaxirasi juda katta, ayniqsa, muayyan turlar bo‘yicha. Buning ustiga, zarur bo‘lganda katta miqdorda qurol ishlab chiqarilmoqda va Qo‘shma Shtatlarga yetkazib berilmoqda. Mudofaa kompaniyalari mamlakatimiz tarixidagi eng ko‘p zavod va fabrikalarni qurmoqda”, deb yozdi Tramp o‘zining Truth Social platformasida.
Tramp, shuningdek, ushbu ma’lumotlarni sizdirganlar qidirilayotganini va ularga uzoq muddatli qamoq jazosi berilishini qo‘shimcha qildi. Ushbu bayonot AQSH OAVda tarqalgan xabarlardan so‘ng berildi. Unda uzoq masofaga uchuvchi raketalar zaxirasi kamaygani sababli ma’muriyat Eron bo‘ylab qo‘shimcha zarbalar berishni ortga surganini yozgan edi.
Washington Post nashrining xabar berishicha, o‘tgan haftada Merilenddagi Kemp Devidda o‘tkazilgan Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida Tramp urush vaziri Pit Hegset bilan tortishib qolgan. Bunga Eronga qarshi harbiy imkoniyatlarni cheklayotgan o‘q-dorilarning jiddiy tanqisligi sabab bo‘lgan.
Tramp o‘q-dorilar taqchilligi muammosi allaqachon bartaraf etilgan deb o‘ylaganini aytgan. Hegset prezident qarshisida o‘zini oqlashga urinib, yetarli maʼlumot berilmagani uchun aybni o‘rinbosari Stiven Faynbergga yuklagan. Oq uy matbuot kotibi Karolin Levitt bu ma’lumotlarga munosabat bildirib, Kemp Deviddagi uchrashuvda bunday holat yuz bermaganini aytdi.

