Tramp Netanyaxudan Suriya va Livandagi qo‘shinlarini olib ketishni talab qildi

Tramp Netanyaxudan Suriya va Livandagi harbiy kuchlarni olib chiqishni so‘radi
AQSH prezidenti Donald Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga Suriya va Livandan harbiy kuchlarni olib chiqish zarurligini bildirdi. Bu haqda Axios manbalariga tayanib xabar berdi.
“Ular sizni u yerda ko‘rishni xohlamaydi. Joylashuvni o‘zgartirishingiz lozim”, deb aytgan Tramp Isroil bosh vaziri bilan telefon orqali muloqotda.
Ushbu telefon suhbat AQSH prezidentining Turkiyadagi NATO sammiti doirasida suriyalik hamkasbi Ahmad ash-Shara’a bilan uchrashuvidan bir kun o‘tib o‘tkazilgan. Netanyaxu suhbat davomida Isroil chegaralari bo‘ylab xavfsizlik zonalarini yaratish zarurligini ta’kidlagan. Hozirda uning harbiy kuchlari Livan va Suriyaning janubiy hududlarini egallab turibdi. Isroil hukumatining ma’lum qilishicha, qo‘shinlarning u yerda bo‘lishi har qanday ehtimoliy hujumning oldini olish imkonini beradi.
Axios’ning xabariga ko‘ra, Isroilda oktyabr oyida parlament saylovlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan, shuning uchun Netanyaxu Trampning talabiga binoan jiddiy qadamlar qo‘yishi dargumon.
Iyun oyining oxirida AQSH vositachiligida Isroil va Livan o‘rtasida mojaroni hal qilish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Ushbu hujjat Isroil qo‘shinlarini Livan hududidan qisman olib chiqishni nazarda tutadi. Netanyaxuning so‘zlariga ko‘ra, birinchi bosqichda Isroil o‘z kuchlarini Livan janubidagi ikkita hududdan — biri Litani daryosining shimolidan, ikkinchisi esa janubidan olib chiqadi.
Isroilning AQSHdagi elchisi Yexiel Leyter kelishuv imzolanganidan so‘ng Livan janubida bufer zona saqlanib qolishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Livan armiyasi “Hizbulloh”ni tor-mor etish va xavfsizlikni ta’minlash mas’uliyatini o‘z zimmasiga olmaguncha bu holat davom etadi.
“Hizbulloh” yetakchisi Naim Qosim kelishuvni rad etdi va hujjatni “taslim bo‘lish” deb atadi. Keyinchalik CNN AQSH Isroil qo‘shinlarini Livandan olib chiqish uchun “pilot zonasi”ni ishga tushirgani haqida xabar berdi.
“Hozirda navbatdagi pilot zonalari ishlab chiqilmoqda va rejalashtirilmoqda. AQSH Markaziy qo‘mondonligi keyingi qadamlar uchun har ikki davlat bilan o‘z harakatlarini muvofiqlashtirmoqda”, dedi amerikalik amaldor CNN kanaliga.

