Toshkentda yo‘l bo‘yidagi pulli avtoturargoh uchun to‘lov qilmagan haydovchilarni jarimaga tortish taklif etildi
Toshkentda yo‘l bo‘yidagi pulli avtoturargohlar uchun to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmagan haydovchilarni jarimaga tortish taklifi bildirildi. Toshkent shahar hokimligi yo‘l bo‘yidagi pulli to‘xtab turish joylaridan foydalangan haydovchilar uchun ma’muriy javobgarlik joriy etishni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga taqdim etdi.
Loyihaga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks yangi 128¹¹-modda bilan to‘ldiriladi. Ushbu modda asosida, yo‘l bo‘yidagi pulli avtoturargohdan foydalanganlik uchun to‘lovni qonunchilikda belgilangan muddatda amalga oshirmaslik yoki undan bo‘yin tovlash BHMning 2 baravari miqdorida jarimaga olib keladi.
O‘zbekistonda 1-sentyabrdan bazaviy hisoblash miqdori 440 ming so‘mga teng bo‘ladi. Shunga ko‘ra, jarima miqdori 880 ming so‘mni tashkil etadi.
Bundan tashqari, bunday huquqbuzarliklar maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish vositalari hamda axborot tizimlari ma’lumotlari asosida qayd etilishi rejalashtirilmoqda. Qonunchilikka muvofiq, pulli avtoturargohlardan bepul yoki imtiyozli foydalanish huquqiga ega shaxslarga ushbu javobgarlik tatbiq etilmaydi.
Loyiha izohida ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish va tirbandliklarni kamaytirish maqsadida pulli to‘xtab turish joylari bo‘yicha huquqiy asoslar yaratilgan. Endilikda ushbu tizimdan foydalanish qoidalariga rioya etilishini ta’minlash va qoidabuzarliklarning oldini olish uchun ma’muriy javobgarlik choralarini belgilash taklif qilinmoqda.
Toshkent shahrida yo‘l bo‘yidagi pulli avtoturargohlar Poytaxt Parking operatori tomonidan tashkil etiladi. “Streetpark Systems” MCHJ umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida joylashgan pulli to‘xtab turish joylaridan foydalanish huquqini beruvchi xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha 22-dekabrdan e’tiboran ustun muzokara kuchiga ega deb e’tirof etilgan.

