“Toshkent – Bekobod” yoʻnalishida elektropoyezd qatnovi yoʻlga qoʻyildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev elektropoyezdda Toshkentdan Bekobod shahriga keldi.
“Toshkent – Bekobod” yoʻnalishida elektropoyezd qatnovi ishga tushirildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentdan Bekobod shahriga elektropoyezd orqali yetib keldi.
Davlat rahbarining 2025-yil 27-dekabrda qabul qilingan “2030-yilga qadar temir yo‘l transportida mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashish ko‘rsatkichlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori doirasida hududlarda transport infratuzilmasi yangilanmoqda va mahalliy qatnovlar kengaytirilmoqda. Bu esa aholi uchun qulay va sifatli transport xizmatlarini taqdim etishga xizmat qiladi.
Bekobod vokzalida Prezidentimiz poytaxt va mazkur shaharni bog‘lovchi yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar haqida ma'lumot berildi.
192 kilometr uzunlikdagi “Toshkent – Bekobod” temir yo‘l qatnovi kuniga qariyb ming nafar, yil davomida esa 300 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi rejalashtirilgan. Endilikda unda olti vagondan iborat, 586 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan elektropoyezd soatiga 120 kilometrgacha tezlikda harakatlanadi. Bu, ayniqsa, har kuni ish va o‘qishga qatnaydigan fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratadi.
Elektropoyezdda yo‘lovchilar uchun barcha zarur sharoitlar ta'minlangan. Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus ko‘targichlar o‘rnatilgan. Vagonlar konditsioner va isitish tizimlari, yumshoq o‘rindiqlar, USB quvvatlash nuqtalari hamda Wi-Fi tarmog‘i bilan jihozlangan. Shuningdek, videokuzatuv tizimlari, elektron axborot tablolari va velosipedlar uchun maxsus joylar ham mavjud.
Tezkor elektropoyezdning ishga tushirilishi avtomobil yo‘llaridagi transport yuklamasini kamaytirish va ekologik toza transport ulushini oshirishga xizmat qiladi.
Prezidentimiz temir yo‘l infratuzilmasini yanada rivojlantirish, yo‘lovchilar uchun sharoitlarni yaxshilash, tarmoqlarni elektrlashtirish va temir yo‘llarga tutash hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Shuningdek, davlat rahbari vokzal infratuzilmasi, xizmat ko‘rsatish sifati va yo‘lovchilar harakatini samarali tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

