Mahalliy

Tergovdan e’tiroz, firibgarlik, yo‘qolgan farzand. Fuqarolar IIV rahbari qabuliga qanday muammo bilan kelyapti?

Bir yildan buyon har oy fuqarolar murojaatini tinglayotgan ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov 2-avgust kuni 16-shaxsiy qabulini o‘tkazdi. 'JAR' sport majmuasida bo‘lib o‘tgan qabulda turli yo‘nalishlarga oid 500 dan ziyod masala ro‘yxatga olindi. Gazeta aholining ba’zilari bilan suhbatlashdi. Reportaj.

Tergovdan norozilik, firibgarlik, yo‘qolgan farzand: Fuqarolar IIV rahbari qabuliga qanday muammolar bilan kelmoqda?

2025-yil mart oyida ichki ishlar vaziri etib tayinlangan Aziz Toshpo‘latov 2-avgust kuni fuqarolar uchun 16-shaxsiy qabulini o‘tkazdi. Har oyning so‘nggi yakshanbasida aholi murojaatlarini tinglaydigan general-leytenant bu safar ham IIV huzuridagi “JAR” sport-sog‘lomlashtirish majmuasida fuqarolar bilan uchrashdi. Soat 10:00 da boshlangan shaxsiy qabul kechki 23:00 gacha davom etdi.

Gazeta muxbiri soat 10:00 dan 13:00 gacha ushbu tadbirda bo‘lib, fuqarolarning vazir qabuliga qanday muammolar bilan kelayotganiga qiziqdi va ularning ayrimlari bilan suhbatlashdi. Vazir va umuman vazirlik ushbu murojaatlarga qanday yechim taklif qilgani noma’lum bo‘lganligi sababli, quyida faqat aholining so‘zlari keltiriladi.

IIV axborot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, shu kuni qabullarda vazir o‘rinbosarlari, sohaviy xizmatlar rahbarlari hamda mas’ul xodimlar ishtirok etib, jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan turli yo‘nalishdagi murojaatlarni tingladilar. Qabulda jami 526 ta murojaat ro‘yxatga olinib, ularning 320 tasi yoki 61 foizi jarayonning o‘zida ijobiy hal etildi. Qolgan 206 ta murojaat qo‘shimcha o‘rganish uchun nazoratga olindi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar ichki ishlar organlari rahbarlari tomonidan tashkil etilgan qabullarda jami 440 ta murojaat qabul qilinib, shundan 211 tasi yoki 48 foizi joyida hal etildi.

**Gulnoza Rashidova, Samarqand viloyati Payariq tumani:**

"Davlat-xususiy sherikchilik asosida 100 o‘rinli bog‘cha qurganman. Barcha hujjatlarimiz va litsenziyalarimiz mavjud. Dastlab o‘z mablag‘imiz hisobidan binoning birinchi qavatini qurdik, keyin prezident qarori asosida 0,5 foizli imtiyozli kredit olib, ikkinchi qavatni yakunladik. Qurilishni 2021-yilda boshlab, 2023-yilda bog‘chani ochdik.

Ish boshlaganimizda 16 nafar xodimimiz va 90 nafardan ortiq tarbiyalanuvchimiz bor edi. Shuningdek, ehtiyojmand va yolg‘iz ayollar uchun tikuv sexi, yoshlar va bolalar uchun o‘quv markazi ham tashkil qilganmiz. Ammo turli bosimlar sabab ishimiz orqaga ketdi va bog‘chani yopishga majbur bo‘ldik. Bino bir yarim yildan beri yopiq. Shu vaqt ichida bankdan olgan kreditimiz penyalari bilan 1 milliard 805 million so‘mga yetdi.

Eng og‘ir masala – biz sudda qatnashmagan, xabardor qilinmagan holda binomizga eshiklarni buzib kirishgani. Buning videolari va boshqa dalillar ham bor. “Mikrokreditbank” Payariq tumani filialining besh nafar xodimi o‘zboshimchalik bilan bino eshik va derazalarini buzib kirdi, tahdidlar qildi.

Ikki qavatdan iborat 20 sotixli bino davlat ekspertizasida 4 milliard so‘mdan ortiq baholangan. Ammo bank uni qariyb 1 milliard 400 million so‘mga sotishga harakat qilayotganini bildik. Bu haqda bizga rasman xabar berilmagan.

Ushbu masala bo‘yicha ilgari Bosh prokuratura, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Senatga ham murojaat qilganman. Ammo ijobiy natija yo‘q. Bugun esa ichki ishlar vaziri qabuliga birinchi marta keldim. Ertalab soat 6:00 dan beri ichkariga kirishni kutyapman, navbatim 276-o‘rin."

**Jahonbek Alimov, Xorazm viloyati Shovot tumani:**

"Chet elda xizmat safarida yurganimda ish boshqaruvchim Toshkentdagi uyimizni ota-onamga bosim qilish orqali rasmiylashtirib olgan. Ularning keksaligidan foydalanib, “o‘g‘lingizni qamatamiz, qarzi bor”, deb qo‘rqitgan. Shuningdek, kompaniya mablag‘laridan 719 million so‘mni shaxsiy maqsadlariga ishlatgan, yana 108 million so‘mni qalbaki ishonchnoma orqali firma hisobidan chiqarib yuborgan.

Bu firibgarlik holatlari bir yarim yildan beri Yakkasaroy tumani IIBda tergov qilinmoqda, ammo haligacha natija yo‘q. Aslida mazkur holatlar bo‘yicha bir nechta modda bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi kerak edi. Lekin faqat firibgarlik moddasi bilan bitta ish ochilgan, xolos. Qolaversa, tergov jarayonlari ham cho‘zilyapti.

Tergovni boshqa tumanga o‘tkazishni ko‘p marta so‘radik, biroq barcha murojaatlar yana o‘sha tergovchining o‘ziga qaytarilyapti. Biz taqdim etgan elektron imzo, qalbaki ishonchnoma va boshqa dalillarga ham bir yildan beri huquqiy baho berilmayapti. Men faqat adolat tiklanishini, uyimiz va pullarimiz qaytarilishini, aybdorlar qonun oldida javob berishini xohlayman.

Ushbu masalada Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va DXXga ko‘p marta murojaat qildik, ammo natija bo‘lmadi. IIV rahbari qabuliga adolat topish umidida keldim. Kechasi soat 22:00 dan buyon navbat kutyapman, 143-o‘rindaman."

**Nargiza Malaboyeva, Guliston tumani:**

"Oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanamiz. Olgan kreditimni avval vaqtida to‘ladim, keyin moliyaviy qiyinchilik tufayli kechiktirdim. Lekin hozir ham qarzni uzib boryapman. Bu ish to‘rt marta tekshirilib, jinoyat alomati yo‘qligi uchun yopilgan. Ammo o‘tgan hafta Guliston shahar IIBdagi tergovchilardan biri turmush o‘rtog‘imni chaqirib, “466 million so‘mni depozitga qo‘ymasang, o‘zingni ham, xotiningni ham qamaymiz”, deb tahdid qildi.

Kreditim 373 million 200 ming so‘m edi. Uning 160 million so‘mini bankka to‘laganmiz. 158 million so‘m mulk egasining qo‘liga topshirganmiz, do‘konini ta’mirlaganmiz va do‘konni garovdan chiqarib berganmiz ham. Bu bo‘yicha tilxatlar va boshqa dalillarimiz bor. Lekin hozir tergovchi bu to‘lovlarni inobatga olmayapti va yana davlatga shu mablag‘ni qayta to‘lashni talab qilyapti. Agar shunday bo‘lsa, bitta kredit uchun ikki marta to‘lov qilishga majbur bo‘lamiz. “Abu Sahiy”da ham faoliyat yuritamiz, qo‘limizda 168 nafar odam ishlaydi. Turmush o‘rtog‘im qamaladigan bo‘lsa, biznesimiz to‘xtab qoladi, boshqa kreditlarimizni ham to‘lay olmaymiz.

Mening da’vom shundaki, tergov bir tomon manfaatini himoya qilyapti. Biz davlat oldidagi qarzimizni to‘lashga tayyormiz, ammo biz to‘lagan mablag‘lar hisobga olinsin va bosim to‘xtatilsin. Shu masalada adolat so‘rab ichki ishlar vazirining qabuliga keldim. Tungi soat 22:00 da kelib, 376-o‘rinda navbatga yozildim. Vazir qabuliga kirishni kutib o‘tiribman."

**Sardor Iskandarov, Termiz shahri:**

"Shu yilning 26-aprel kuni oilamiz bilan Sangardak sharsharasiga dam olishga bordik. Bir soatlardan keyin tengdoshlari bilan o‘ynayotgan ikki yoshli o‘g‘lim Zubayr bedarak yo‘qoldi. O‘sha kundan buyon undan hech qanday darak yo‘q. Men boshidanoq farzandim suvga oqib ketganiga ishonmaganman. Uni o‘g‘irlab ketishgan, deb hisoblayman. Chunki hodisa sodir bo‘lgan vaqtda Sangardakdagi asosiy yo‘lga o‘rnatilgan kuzatuv kameralarining yozuvlari yo‘q. Buning sababi haqida turli izohlar berildi: bir safar kabel kesilgani aytildi, boshqa safar esa elektr kuchlanishi tufayli kameralar ishdan chiqqan, deyishdi.

Uch oy davomida tergov haqida bizga deyarli hech qanday ma’lumot berilmadi. Prokuratura va Ichki ishlar organlariga bir necha marta murojaat qildik. Keyin ish oddiy bedarak yo‘qolish sifatida qoldirildi. Shundan so‘ng Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilib, ishni qayta ko‘rib chiqishni so‘radik. O‘g‘limni izlash uchun qidiruv e’lonlarini o‘zim ko‘chalarga ilib chiqdim, ijtimoiy tarmoqlar va televideniyeda tarqatdim. Ammo e’lonlar ertasi kuni olib tashlandi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi ikki oy davomida suv havzalarini to‘liq tekshirgani va o‘g‘limga tegishli hech qanday iz topilmagani haqida xulosa berdi. Shundan keyin suvdagi qidiruv ishlari to‘xtatildi. Biz esa qidiruvni quruqlikda davom ettirishni va ishni ehtimoliy jinoyat sifatida ham tekshirishni so‘rab kelyapmiz.

Ichki ishlar vazirining qabuliga kelishimizdan maqsad bitta – qidiruvni kuchaytirish va bolamizni topish. O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan ikki yoshli bolaning taqdiri ochiq qolmasligini, barcha imkoniyatlar ishga solinishini istaymiz.

Vazir qabuli haqidagi e’lonni eshitishimiz bilan 31-iyul kuni soat 13:30 da Surxondaryodan yo‘lga chiqib, kechasi taxminan soat 02:30 da Toshkentga yetib keldik. Shu vaqtdan beri navbat kutyapmiz. Navbatimiz – 85. Ammo qabul juda sekin ketyapti, shu bois odamlar o‘rtasida ham norozilik yuzaga kelmoqda."

iiv qabulifuqarolar murojaatlaritadbirkorlik muammolarikredit qarzlaribedarak yo'qolgan bolatergov jarayonlariadolat talabifiribgarlik