Toshkentda o‘zi ishlagan firmadan 1 mlrd so‘mdan ortiq pul o‘g‘irlagan IT mutaxassisi ushlandi

Toshkentda o‘zi ishlaydigan firmadan 1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni o‘zlashtirgan IT mutaxassisi qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB axborot xizmati xabar berdi.
Mirobod tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga poytaxtdagi firmalardan birining hisob raqamidan katta miqdordagi pul o‘g‘irlangani haqida ariza kelib tushgan. Tuman kiberxavfsizlik bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu jinoyatni sodir etishda gumonlanayotgan, shu firmada IT mutaxassisi bo‘lib ishlagan yigit ushlangan.
Tergov davomida Shohruz ismli fuqaro firibgarlik yo‘li bilan firma hisob raqamidan jami 1 milliard 43 million 108 ming so‘m pulni o‘g‘irlab, o‘zi ochgan maxsus hisob raqamiga o‘tkazgani aniqlangan.
Gumonlanuvchi o‘z aybini tan olib, shunday degan: "Men ishlagan firmamdan pullarni o‘g‘irladim va maxsus tayyorlangan hisob raqamiga o‘tkazdim. Aybimni tan olaman, meni kechirishlaringizni so‘rayman. Hozir pullar boshqa hisob raqamida turibdi, yaqin vaqt ichida barchasini qaytarishga va’da beraman".
Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Toshkent shahar IIBB fuqarolarni kiberfiribgarlardan, xususan, Telegram orqali keladigan shubhali fishing havolalariga kirmaslikka, hech kimga shaxsiy ma’lumotlar hamda tasdiqlash kodlarini bermaslikka chaqirgan.
Avvalroq Buxoroda 60 dan ortiq fuqaroning pullarini o‘zlashtirgan guruh aʼzolari qo‘lga olingandi. Ular Telegram orqali boshqarilgan yashirin akkauntlardan foydalanib, fuqarolarning telefonlariga zararli APK fayllarni yuborgan.

