Sirdaryoda shilqimlikka uchragan qiz jarimaga tortilgandi. Apellyatsiyada bu hukm bekor qilindi
Sirdaryoda sobiq murabbiyining shahvoniy shilqimligi vaqtida o‘zini himoya qilish uchun baqirgan 18 yoshli qiz mayda bezorilikda ayblanib, jarimaga tortilgandi. Unga shilqimlik qilgan shaxs esa besh sutkaga qamalgandi. Voqea jamoatchilikka olib chiqilgach, apellyatsiya sudi jabrlanuvchiga solingan jarimani bekor qildi.

Sirdaryo viloyati sudining apellyatsiya instansiyasi shilqimlikka uchragan 18 yoshli qizga nisbatan qo‘llanilgan ma’muriy javobgarlik haqidagi qarorni bekor qildi. Bu haqda viloyat sudlari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Sayxunobod tuman sudining 2026-yil 28-iyuldagi qaroriga ko‘ra, 18 yoshli G. I. mayda bezorilik sodir etgan deb topilib, unga BHMning 3 baravari miqdorida jarima solingan edi.
3-avgust kuni Sirdaryo viloyati sudining apellyatsiya instansiyasida G. I.ning shikoyati asosida ushbu ma’muriy huquqbuzarlik ishi qayta ko‘rib chiqildi va birinchi instansiya sudining qarori bekor qilindi.
G. I.ning harakatlarida huquqbuzarlik hodisasi mavjud emasligi sababli, ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishning unga tegishli qismi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 271-moddasi 1-qismiga asosan tugatildi.
Shuningdek, Sirdaryo viloyati sudining apellyatsiya instansiyasi tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik ishi bo‘yicha surishtiruv harakatlarini amalga oshirgan ichki ishlar organi profilaktika inspektori hamda jinoyat ishlari bo‘yicha Sayxunobod tuman sudining tergov sudyasiga nisbatan tegishli taqdimnomalar kiritildi.
**Sobiq murabbiyning shilqimligi**
Avvalroq zo‘ravonlikka qarshi kurashuvchi Nemolchi.uz loyihasi ushbu voqea haqida yozgan edi. Xabarda keltirilishicha, 26 yoshli S. H. mahalliy sport maktabida murabbiy-o‘qituvchi bo‘lib ishlagan, jabrlanuvchi G. I. esa uning sobiq shogirdi bo‘lgan.
Hodisa 17-iyul kuni, qiz 18 yoshga to‘lganidan taxminan ikki hafta o‘tgach sodir bo‘lgan. Sobiq murabbiy uni bog‘da uchratib, jinsiy aloqa qilishni taklif etgan va shahvoniy xususiyatga ega harakatlarni sodir etgan.
S. H. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi 1-qismiga muvofiq shahvoniy shilqimlik sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Qizga nisbatan ham ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Sayxunobod tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudining 28-iyuldagi qarori bilan u Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik, jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik) bo‘yicha aybdor deb topilib, BHMning uch baravari miqdorida (1 mln 236 ming so‘m) jarimaga tortilgan.
Nemolchi.uz loyihasi mazkur qarorni tanqid qilib, "Jim bo‘l va chida. Tizim murabbiyning shilqimligidan himoyalanishga uringani uchun 18 yoshli qizni jazoladi" sarlavhali post e’lon qilgan edi:
"Savol tug‘iladi: u aynan kimning osoyishtaligini buzdi - qizga shilqimlik qilinayotganini eshitgan yo‘lovchilarningmi yoki ishini oxiriga yetkaza olmagan murabbiyning o‘zinimi?
Maxsus qamoqdagi besh sutka davlat uchun o‘n sakkiz yoshli qizga o‘zini himoya qilgani uchun to‘latiladigan summadan ko‘ra arzonroqqa tushadi. Shilqimlik qilish katta yoshdagi erkak bir necha kunlik ramziy jazoni o‘taydigan huquqbuzarlik bo‘lib chiqadi, o‘zini himoya qilishga urinish esa - baqirish, g‘azab, jim turmaslik - jamoat tartibini buzish deb baholanadi va jabrlanuvchi tomonidan pul kompensatsiyasini talab qiladi.
Sevara daxlsizlik huquqi tan olinishi o‘rniga qarshi ayblovga duch keldi va endi shunga o‘xshash vaziyatga tushib qolgan har qanday ayol-qiz biladiki: yordam so‘rab baqirish unga qimmatga tushishi mumkin".

