Sirdaryoda sobiq o‘quvchisiga shilqimlik qilgan murabbiy 5 sutkaga qamaldi

Sirdaryoda sobiq o‘quvchisiga nisbatan shilqimlik qilgan murabbiy 5 sutkaga qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda “Daryo” nashri sud hujjatlariga tayanib xabar berdi.
Voqea 2026-yil 17-iyul kuni Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanidagi Shodlik mahallasida joylashgan xiyobonda sodir bo‘lgan. Sport maktabida o‘qituvchi-murabbiy bo‘lib ishlovchi S.X. xiyobonda avval o‘ziga qisqa muddat o‘quvchi bo‘lgan qizni uchratib qolgan. U qizga jinsiy aloqada bo‘lishni taklif qilib, shahvoniy shilqimlik qilgan. Qiz bu taklifdan g‘azablanib, S.X. bilan janjallashgan va baland ovozda baqir-chaqir qilgan.
Sud majlisida S.X. o‘z aybiga to‘liq iqrorligini bildirib, qilgan ishidan tegishli xulosa chiqarganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra: “Nima sababdan bunday qilganimni, bunaqa ‘ahmoqona fikr’ miyamga qayerdan kelganini hanuzgacha tushunolmayapman. G.dan qilgan ishim uchun kechirim so‘rayman”.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Sayxunobod tuman sudi S.X.ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi (shahvoniy shilqimlik qilish) bilan aybdor deb topib, unga 5 sutkaga ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.
Shu bilan birga, qiz xiyobonda baqir-chaqir qilgani uchun MJTKning 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topildi. Unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari, ya’ni 1 million 236 ming so‘m miqdorida jarima jazosi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida sobiq turmush o‘rtog‘iga shilqimlik qilgan erkak 5 sutkaga qamalgani, ayolni haqorat qilgan kundoshi esa jarimaga tortilgani xabar qilingan edi. Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida esa talaba qizga bir necha bor sevgi izhor qilib, uni uchrashuvga taklif qilgan universitet o‘qituvchisi uch sutkaga qamoq jazosiga hukm qilingan.

