Mahalliy

Farg‘onada sobiq turmush o‘rtog‘iga shilqimlik qilgan erkak 5 sutkaga qamaldi

Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida sobiq xotiniga shilqimlik qilgan erkak 5 sutkaga qamoq jazosiga hukm qilindi. Shu bilan birga, jabrlanuvchini haqorat qilgan uning kundoshi jarimaga tortildi. Bu haqda “Daryo” nashri sud hujjatlariga tayanib xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, hodisa 2026-yil 18-aprel kuni Yaypan shahridagi avtostansiyada yuz bergan. 1991-yilda tug‘ilgan A.E. sobiq turmush o‘rtog‘ini ko‘rib qolib, uni chetga tortgan va tanasining turli joylaridan ushlab, unga nisbatan shahvoniy shilqimlik qilgan.

Jabrlanuvchi sud majlisida sobiq eri uni o‘ziga tortib, o‘pmoqchi bo‘lganini, shundan so‘ng uni itarib yuborganini ma’lum qilgan. Shuningdek, o‘sha kuni kechqurun erkakning ikkinchi xotini – jabrlanuvchining kundoshi unga qo‘ng‘iroq qilib, sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi so‘zlar bilan haqorat qilgan.

Sudda erkak ham, uning ikkinchi xotini ham o‘z qilmishlarini tan olib, pushaymonliklarini bildirgan va yengillik so‘ragan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha O‘zbekiston tuman sudining qaroriga ko‘ra, A.E. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topildi. Unga nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Jabrlanuvchini haqorat qilgan kundoshi esa MJKning 41-moddasi bilan aybdor deb topilib, bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari, ya’ni 2 million 60 ming so‘m miqdorida jarimaga tortildi.

Avvalroq Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanida turmush o‘rtog‘iga shilqimlik qilgan erkak jarimaga tortilgan edi. Olmazor tumanida esa sobiq turmush o‘rtog‘iga nisbatan shilqimlik qilgan 32 yoshli erkakka uch sutkaga qamoq jazosi berilgan edi. Toshkent shahrida janjal tufayli sobiq turmush o‘rtog‘ining qo‘lidan tishlab olgan ayol jarimaga tortilgan, erkak esa 5 sutkaga qamalgan edi.

harassmentadministrative arrestuzbekistanex-spousedomestic violencepublic orderlegal proceedingsfine