Mahalliy

Sirdaryoda 10 yoshli farzandini urgan ayol 3 sutkaga qamaldi

Sirdaryo viloyatida 10 yoshli o‘g‘lini maktab to‘garagiga bormagani uchun kiyim ilgich bilan urib, unga yengil tan jarohati yetkazgan ayol 3 sutkaga qamaldi. Bu haqda “Millar” dasturida ma’lum qilindi.

Xabarda aytilishicha, ayol 10 yoshli farzandining maktab to‘garagiga bormay, ko‘chada o‘ynab yurganidan g‘azablangan. Shundan so‘ng u qo‘lidagi kiyim ilgich bilan bolaning boshi va tanasining boshqa qismlariga bir necha marta urgan.

Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, bola sog‘lig‘ining qisqa muddat buzilishiga olib kelmagan yengil tan jarohati olgan.

Jabrlanuvchining qonuniy vakili, ya’ni bolaning otasi voqeadan o‘sha kuni ishdan qaytgach xabar topganini bildirgan. U turmush o‘rtog‘iga nisbatan hech qanday da’vosi yo‘qligini, oila tinchligini saqlab qolishni istashini aytib, suddan unga nisbatan yengillik qo‘llashni so‘ragan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sardoba tumani sudining qarori bilan ayol Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59-2-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilgan. Unga nisbatan 3 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Shuningdek, ayolga kelgusida shu kabi holatlar takrorlansa, jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligi haqida tushuntirish berilgan.

Avvalroq Sirdaryoda ayol o‘g‘li bilan urishgan bolani urib, unga yengil tan jarohati yetkazgani uchun qonuniy chora ko‘rilgandi. Toshkent viloyatida onasi tomonidan ayovsiz kaltaklangan 4 yoshli qiz shifoxonada vafot etgani ma’lum bo‘lgandi. Namanganda esa vasiyligidagi ikki bolaga zo‘ravonlik qilgan ayol ikki yilga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilinib, bolalar boshqa oilaviy bolalar uyiga joylashtirilgandi.

uzbekistansirdaryodomestic violencechild protectionlegal actionchild abuseadministrative arrestparental discipline