Mahalliy

Surxondaryoda 11 yoshli o‘g‘lini 40 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan ayol 3,5 yilga qamaldi

Surxondaryo viloyatida 11 yoshli o‘g‘lini 40 million so‘mga sotishga uringan ayol moddiy qiyinchiliklar tufayli 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda “Daryo” nashri sud hujjatlariga tayanib xabar berdi.

Sud hujjatlariga ko‘ra, ayblanuvchi ayol 2014-yilda tug‘ilgan o‘g‘lini tanish ayolga 40 million so‘mga sotishga kelishgan. Dastlabki kelishuvga ko‘ra, 20 million so‘m oldindan berilishi, qolgan mablag‘ esa bola xaridor nomiga rasmiylashtirilgach to‘lanishi belgilangan.

2026-yil 4-aprel kuni Termiz shahridagi Yoshlar markazi yaqinida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ayol ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. Sud hujjatlarida qayd etilishicha, u uchrashuvga 2014-yilda tug‘ilgan o‘g‘lini olib kelgan. Xaridor ayol unga oldindan kelishilgan 20 million so‘mni bergan va ayol pulni olishi bilan xodimlar tomonidan ushlangan.

Ayblanuvchi ayol suddagi ko‘rsatmasida shunday degan: “Uchrashuvga ketishdan oldin o‘g‘limga: ‘O‘g‘lim, seni farzandlikka beryapman, sen yaxshi yashagin’, dedim. Bu jinoyatni iqtisodiy qiyinchilik, qarzlarim ko‘pligi, yashash uchun uy-joyim yo‘qligi va oilam buzilgani sababli sodir etdim. Hech bo‘lmaganda o‘zim yaratib bera olmagan sharoitda farzandlarim yaxshi yashashini o‘yladim”.

Sud materiallarida ma’lum qilinishicha, bolani olishi kerak bo‘lgan ayol bu taklif noqonuniy ekanini anglab, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan. Shundan so‘ng pullarga maxsus kimyoviy ishlov berilib, uchrashuv nazorat ostida o‘tkazilgan.

Sud ayolni Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) 3-qismi “b” bandi bilan aybli deb topdi. Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llanilib, 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, 2014-yilda tug‘ilgan bolaning vasiyligini belgilash masalasi mutasaddi idoralar zimmasiga yuklatildi.

Avvalroq Farg‘onada chaqalog‘ini sotishga uringan er-xotin 5 yildan ozodlikdan mahrum qilingani haqida xabar berilgandi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasiga ko‘ra, odam savdosi uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. Agar bu jinoyat voyaga yetmagan shaxsga nisbatan yoki boshqa og‘irlashtiruvchi holatlarda sodir etilsa, aybdorga 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi.

jinoyatsurxondaryosudvoyaga yetmaganlarodam savdosimoddiy qiyinchilikbola sotishqamoq jazosi