Mahalliy

Buxoroda 4 yil davomida qurol yashirib kelgan ayolga hukm o‘qildi

Ashyoviy dalil sifatida saqlangan «Ij-5» rusumli ov miltig‘ini davlat egaligiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Buxoroda to‘rt yil davomida ov miltig‘ini yashirib kelgan ayolga nisbatan sud hukmi o‘qildi.

Voqea 2022-yilda boshlangan. Ota-onasi davolanish uchun Toshkentga ketgan paytda, fuqaro Sh.A. bobosidan qolgan eski uyni buzdirgan. Yer tekislanayotganda, tuproq orasidan bir qop topilgan. Qop ichida ikki bo‘lak temirga o‘xshash buyumlar bo‘lib, keyinchalik ular "Ijevsk" qurol zavodida ishlab chiqarilgan, 20 kalibrli "Ij-5" rusumli ov miltig‘i ekanligi aniqlangan.

Sh.A. o‘sha zahotiyoq, yashash xonadonida har qanday qurol borligi haqida tegishli idoralarga xabar berishi kerakligini bilsa-da, atayin bu haqda ma’lumot bermagan. U miltiqni o‘z uyiga olib ketib, avval somonxonaga, keyin esa boshqa joyga yashirib qo‘ygan. Qurol qariyb to‘rt yil davomida ruxsatnomasiz saqlangan.

2025-yilning kuzida yaqin tanishi unga bu qurolni rasmiylashtirish yoki topshirish zarurligini aytgan. Biroq, ayol bu ishni paysalga solib kelgan. Joriy yilda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining ushbu masala bo‘yicha uning xonadoniga kelishi ayolning shuncha vaqt davomida qurol borligi haqida hatto o‘z oila a’zolarini ham ogohlantirmaganini oshkor qilgan. U qurol borligini yashirmagan va ov miltig‘ini o‘zi yashirib qo‘ygan joyidan – hashaklar orasidan olib chiqib, ixtiyoriy ravishda topshirishga majbur bo‘lgan.

Tergov davomida tayinlangan ballistik ekspertiza xulosasi miltiqning haqiqatan ham o‘qotar qurol ekanligini va undan o‘q uzish mumkinligini tasdiqlagan. Sudda so‘roq qilingan ikki nafar xolis ham qurolning aynan Sh.A. tomonidan taqdim etilganini tasdiqlab, ko‘rsatma bergan.

Sudlanuvchi aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. U qurolni sotmaganini, undan foydalanmaganini va qilgan ishidan chin dildan pushaymon ekanligini bildirgan. Ilgari sudlanmagani, aybiga iqrorligi va oilaviy sharoiti sud tomonidan jazoni yengillashtiruvchi holat sifatida baholangan.

"Qonun oldida quroldan foydalanilgani yoki yo‘qligi emas, uni qonunga xilof ravishda saqlashning o‘zi ham jinoyat hisoblanadi. Topilgan o‘qotar qurolni tegishli idoralarga topshirmaslik jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi", — deydi Boborahim Ochilov.

Sud Sh.A.ni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topdi. Unga ikki yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Ma’lumot o‘rnida: Ashyoviy dalil sifatida saqlangan "Ij-5" rusumli ov miltig‘ini davlat egaligiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

qurol saqlashnoqonuniy qurolov miltig'iozodlikni cheklashqurol topshirishbuxorosud hukmijinoyat