Buxoro sudi tomonidan qidiruvga berilgan «haker» Toshkentda ushlandi
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u 50 nafarga yaqin fuqaroni chuv tushirgan bo‘lishi mumkin.

Buxoro sudi tomonidan qidiruvga berilgan "haker" Toshkentda qo‘lga olindi.
Axborot texnologiyalaridan foydalangan holda firibgarlik jinoyatini sodir etganligi uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudi tomonidan qidiruvga berilgan shaxs ushlandi.
Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida tug‘ilgan R.Q. tergov organlaridan yashiringanligi sababli unga nisbatan "qamoqqa olish" ehtiyot chorasi qo‘llanilib, qidiruv e’lon qilingan edi.
O‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida u Toshkent shahrining Uchtepa tumanida yashirinib yurgan vaqtida Buxoro viloyati IIB KQKB mas’ul xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Qo‘lga olish jarayonida unga tegishli mobil telefon xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning ichida "Apple Nasiya" va "Halol Nasiya Savdo" nomli profillar borligi aniqlandi va ular ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olindi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu shaxs ijtimoiy tarmoqlardagi mazkur profillar orqali 50 ga yaqin fuqaroni aldagan bo‘lishi mumkin.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari va qonuniy choralar ko‘rilmoqda.

