«25 mln ber, haydovchilik guvohnomang hal...» — Buxoroda yana bir firib fosh etildi
Gumonlanuvchi ijtimoiy tarmoq orqali fuqaroga 3 oylik o‘quv kursini tamomlagani haqida sertifikat va «B», «C»

«25 million so‘m bersang, haydovchilik guvohnomang tayyor bo‘ladi...» — Buxoroda yana bir firibgarlik holati fosh etildi.
Buxoro viloyatida 25 million so‘m evaziga haydovchilik guvohnomasini olib berishni va’da qilgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Buxoro viloyati IIB Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi mas’uli «Xabar.uz»ga ma’lum qildi.
Jinoyat Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning G‘ijduvon tuman bo‘limi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbiri davomida aniqlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchi ijtimoiy tarmoq orqali fuqaroning ishonchiga kirib, unga 3 oylik o‘quv kursini tugatganligi haqida sertifikat hamda «B» va «C» toifali haydovchilik guvohnomasini olib berishni va’da qilgan.
U ushbu masalani Buxoro, Navoiy va Qarshi shaharlaridagi imtihon markazlarida ishlovchi tanishlari orqali bir hafta muddatda hal qilib berishga ishontirgan. Ushbu noqonuniy xizmati uchun fuqarodan 25 million so‘m talab qilgan.
Shaxs Buxoro shahridagi Qayum Murtazoyev ko‘chasida kelishilgan pulni olayotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
U sudda o‘ziga ishongan fuqaroga: «25 million ber, haydovchilik guvohnomang masalasi hal. Hech qanday muammo chiqmaydi. Odamlarim ishonchli», — deb aytganini tan olgan.
Hozirda uning boshqa jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

