Nogironlik nafaqasi uchun pul olgan shifokorlar fosh etildi
Samarqand va Xorazm viloyatlarida nogironlik nafaqasini rasmiylashtirib berishni va’da qilib pul olgan shifokorlar fosh etildi. Ularga nisbatan firibgarlik va pora berish bilan bog‘liq moddalar asosida jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

**Nogironlik nafaqasi bilan bog‘liq firibgarlikda ayblangan shifokorlar fosh etildi**
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijasida, tuman sog‘liqni saqlash bo‘limi markaziy shifoxonasining bo‘lim shifokori I.A. fuqaro S.E.dan 2-guruh nogironlik nafaqasini rasmiylashtirib berish evaziga 5 million so‘m miqdorida pulni firibgarlik yo‘li bilan olganligi aniqlandi. Ushbu mablag‘ning qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirildi.
Shu bilan birga, Departamentning Bog‘ot tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Hazorasp tuman tibbiyot birlashmasi shifokori K.B. fuqaro N.A.ga yuqori lavozimdagi tanishlari orqali 2-guruh nogironlik nafaqasini olib berishni va’da qilgan. U kelishilgan 300 AQSh dollari evaziga 3,6 million so‘m miqdoridagi pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddalari (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

