Sanitariya xulosasi evaziga pora olgan shaxs fosh etildi
Samarqand viloyati Toyloq tumanida sanitariya-epidemiologik xulosani rasmiylashtirib berish evaziga pora talab qilgan mansabdor shaxs huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Sanitariya xulosasi uchun pora olgan shaxs qo‘lga olindi.
Samarqand viloyati Toyloq tumanida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi bo‘linma boshlig‘i yakka tartibdagi tadbirkorga tegishli non va non mahsulotlari ishlab chiqarish sexiga sanitariya-epidemiologik xulosa berish evaziga 9 million so‘m talab qilgan. U bu ishni o‘zining mansabdor tanishlari orqali amalga oshirmoqchi bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, u avvalroq 100 AQSh dollari va 500 ming so‘m olgan. Keyinchalik, talab qilingan mablag‘ning yana 400 AQSh dollarini olayotgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolarni korrupsiya va boshqa qonunbuzilish holatlariga duch kelgan taqdirda, DXXning 1520 qisqa raqami orqali murojaat qilishga chaqirdi. Murojaat etuvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.

