Mahalliy

Sanepidqo‘mita tizimida korrupsiya holatlari fosh etildi

Sirdaryo, Samarqand, Namangan va Xorazm viloyatlarida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi xodimlari pora olayotganida ushlandi.

Sanepidqo‘mita tizimida korrupsiya holatlari aniqlandi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Sirdaryo viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Guliston shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi shifokor yordamchisi M.A. "M.M." MChJ tomonidan tayyorlanadigan tayyor ovqat mahsulotiga ijobiy xulosa olishda yordam berish evaziga 300 AQSh dollari va 1,2 mln so‘m olgan vaqtida qo‘lga olindi. U bu ishni yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali amalga oshirishini aytgan.

Departamentning Toyloq tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toyloq tuman Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi sanitar vrachi F.B. YaTT "S.E."ning non mahsulotlari ishlab chiqarish tsexiga sanitar-gigiyenik xulosasini rasmiylashtirib berish uchun 9 mln so‘m talab qilgan. U kelishilgan puldan 400 AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi. Ma’lum bo‘lishicha, u avvalroq 100 AQSh dollari va 500 ming so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Departamentning Xorazm viloyati boshqarmasi xodimlari va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Urganch shahar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoatchilik salomatligi bo‘limi xodimi G‘.A. fuqaro B.D.ga Urganch shahrida umumiy ovqatlanish shoxobchasi ochish uchun ruxsatnoma rasmiylashtirib berish va 6 oy davomida jarima qo‘llamaslikni va’da qilib, 2,4 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ushlandi. U bu ishni yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali amalga oshirishini aytgan.

Departamentning Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Namangan shahar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoatchilik salomatligi bo‘limi shifokor yordamchisi A.S. fuqaro M.O.ning nomiga shahar hududida nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasini ochish uchun ijobiy xulosa olib berish evaziga 1,2 mln so‘m olgan vaqtida qo‘lga olindi.

Ushbu holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi va 25, 211-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

uzbekistancorruptionlaw enforcementpublic healthinvestigationfraudbriberysanepid