Hazorasp tumanida gaz xodimlarining firibgarligi fosh etildi
Ular 2 500 dollar evaziga fuqaroga nisbatan tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganlik yuzasidan hisoblangan 309 mln so‘mlik zararni kamaytirib berishlarini aytishgan.

Hazorasp tumanida gaz xodimlari tomonidan sodir etilgan firibgarlik holati aniqlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Hazorasp tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda ma’lum bo‘lishicha, "Hazorasptumangaz" gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari M.M. va E.B. fuqaro O.I.ga nisbatan tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganlik holati yuzasidan hisoblangan 309 million so‘mlik zararni 2 500 AQSh dollari evaziga kamaytirib berishni va’da qilishgan.
Ular kelishilgan puldan 1 400 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganliklari aniqlandi. Ushbu pullar hisobidan 4,8 million so‘mning qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirildi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168- (firibgarlik) va 211- (pora berish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

