Mahalliy

Buxoro va Qashqadaryoda yer maydonlarini rasmiylashtirish uchun pora olgan ikki mansabdor ushlandi

DXX Buxoro va Qashqadaryoda yer maydonlari hamda kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish evaziga pora olganlikda gumonlanayotgan ikki mansabdor ushlanganini ma’lum qildi. Ulardan biri 2,5 ming, ikkinchisi esa 1 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga tushgan. Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida yer maydonlarini rasmiylashtirish jarayonida pora olishda gumon qilingan ikki mansabdor shaxs hibsga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) ma’lum qildi.

Buxoro viloyatida Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasining bo‘lim boshlig‘i mahalliy fuqarodan 2,5 ming dollar olayotgan vaqtida qo‘lga tushdi. DXX xabariga ko‘ra, u Romitan tumani hokimligi zaxirasidagi 65 kvadrat metr yer maydonida 2015-yilda ruxsatsiz qurilgan savdo va xizmat ko‘rsatish binosi hamda unga tutash 35 kvadrat metr bo‘sh yer uchastkasini fuqaro nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.

Qashqadaryo viloyatida esa Investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasining Ko‘kdala tumani bo‘limi bosh mutaxassisi hibsga olindi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u 2019-yilda Chiroqchi tumani hokimi qarori bilan ajratilgan 1 sotix yer maydoni uchun kadastr hujjatlarini tayyorlab, davlat ro‘yxatidan o‘tkazib berish evaziga 1 ming dollar talab qilgan. U talab qilingan pulni olayotgan vaqtida DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarash kurashish departamenti xodimlari tomonidan ushlangan.

Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahri va Andijon viloyatida ham noqonuniy pul talab qilgan kadastr xodimi hamda yer maydonini sotmoqchi bo‘lgan fuqaro qo‘lga olingan edi.

uzbekistanbriberybukharacorruptionlandofficialskashkadaryaarrests