Saloh Turkiya Superligasining eng ko‘p maosh oluvchi futbolchisiga aylandi

Muhammad Saloh Turkiya Superligasida eng yuqori maosh oluvchi futbolchiga aylandi.
Turkiyaning “Trabzonspor” klubi sobiq “Liverpul” hujumchisi Muhammad Saloh bilan shartnoma imzoladi. Misrlik futbolchi erkin agent sifatida klubga tekinga qo‘shildi. Ushbu transferning eng diqqatga sazovor jihati shundaki, futbolchiga Turkiya Superligasi tarixidagi rekord darajadagi maosh belgilandi.
Qayd etilishicha, Salohning asosiy maoshi mavsumiga 17 million yevroni (haftasiga qariyb 280 ming funt sterling) tashkil etadi. Shartnomada ko‘zda tutilgan 5 million yevrolik imzo bonusi bilan birga uning haftalik daromadi 360 ming funt sterlingdan oshadi.
Shu tariqa, Muhammad Saloh “Galatasaroy” hujumchisi Viktor Osimhenni (yiliga 15 million yevro) ortda qoldirib, Turkiya Superligasining eng ko‘p maosh oluvchi futbolchisiga aylandi.
Shuningdek, shartnomada futbolchining imij huquqlaridan foydalanish hamda klub futbolkalari savdosidan ulush olish bandlari ham mavjud.
Saloh “Trabzonspor”ning xalqaro bozordagi asosiy tijoriy aktiviga aylanishi kutilmoqda. Klub ushbu yirik sarmoyaning bir qismini homiylik shartnomalari va merchlar orqali qoplashni rejalashtirmoqda.
Ma’lumot uchun, Muhammad Saloh 2017–2026-yillar davomida “Liverpul” sharafini himoya qilgan. U mersisaydliklar safida Angliya Premyer Ligasi (2019/20, 2024/25), Angliya Kubogi (2021/22), Angliya Superkubogi (2022), Angliya Liga Kubogi (2021/22, 2023/24), UEFA Chempionlar Ligasi (2018/19), UEFA Superkubogi (2019) hamda klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida (2019) g‘olib chiqqan.
Faoliyati davomida Saloh “Roma”, “Fiorentina”, “Chelsi”, “Bazel” va “Mokavlun” klublarida ham to‘p surgan.

