Dunyo

Ruminiyada AESga suv yetkazish uchun toʻrtta kema choʻktirildi

Ruminiyada atom elektr stansiyasiga suv yetkazish maqsadida Dunay daryosiga to‘rtta kema cho‘ktirildi. Bu haqda Digi24 nashri “Ruminiya suvlari” davlat muassasasiga tayanib xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu tadbir Chernavoda shahridagi atom elektr stansiyasini yetarli suv bilan ta’minlash uchun amalga oshirilgan. Xabarda aytilishicha, “nazorat ostida cho‘ktirilgan to‘rtta barja daryo oqimining bir qismini elektr stansiyasiga suv yetkazib beradigan tarmoqqa yo‘naltiradi”.

Dastlabki ikkita barja 7-avgust kuni, qolganlari esa 8-avgust kuni cho‘ktirilgan. Oxirgi ikki barjani cho‘ktirish operatsiyasi yetti soat davom etib, Toshkent vaqti bilan soat 21:20 da yakunlangan.

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu operatsiya natijasida AES yaqinidagi suv sathi 2–4 santimetrga ko‘tariladi. Ruminiya hukumati dastlabki natijalarni hafta boshida baholashi kutilmoqda.

Chernavoda AES 1996-yilda ishga tushirilgan bo‘lib, Ruminiyadagi yagona atom elektr stansiyasidir. U har birining quvvati 700 MVt bo‘lgan ikkita energoblokka ega va mamlakatdagi elektr energiyasi iste’molining taxminan 18 foizini ta’minlaydi.

Iyul oyi oxirida Dunayda suv sathi keskin pasaygani sababli Chernavoda AESdagi ikkita energoblokdan biri to‘xtatilgandi. Ikkinchi reaktorning ishlashini ta’minlash uchun Ruminiya harbiylari daryo o‘zanidagi suv osti qoyasini portlatgan.

Ruminiya hukumati aholini elektr energiyasi iste’molini kamaytirishga, jumladan, konditsionerlardan foydalanmaslikka va elektromobillarni quvvatlamaslikka chaqirgan. Shuningdek, chiroqni o‘chirish jadvallari joriy etilgan. Mamlakatning janubi-g‘arbida esa fermerlar uchun ekinlarni sug‘orishda suvdan foydalanishga cheklovlar kiritilgan.

Avvalroq Dunay daryosida suv sathi pasayib, qariyb 1700 yillik Rim ko‘prigi qoldiqlari va Germaniya harbiy kemasining qoldiqlari suv yuzasiga chiqqani xabar qilingan edi.

energy crisisdanube riverwater levelbargeschernavodadroughtnuclear power plantromania