Dunyo

Dunay daryosi sayozlashib, Uchinchi reyx kemasi suv yuzasiga chiqdi (foto)

**Dunay daryosi sayozlashib, Uchinchi Reyx kemasi suv yuzasiga chiqdi (foto)**

Serbiyada Dunay daryosining suvi kamayishi natijasida Germaniya harbiy kemasining qoldiqlari ko‘rinib qoldi. Bu haqda The Telegraph xabar berdi.

Kema qoldiqlari Praxovo qishlog‘i yaqinidan topilgan. U Germaniyaning Dunay flotiliyasi tarkibiga kirgan. Ikkinchi jahon urushi oxirida, sovet armiyasining hujumi paytida kema Uchinchi Reyxning o‘zi tomonidan cho‘ktirib yuborilgan.

Foto: Reuters Nemis qo‘shinlari uni 1944-yil sentyabrida “Dunay elfi” operatsiyasi doirasida suvga g‘arq qilgan. O‘shanda jami 200 dan ortiq barja va kema cho‘ktirilgan, shu sababli urush yakuniga qadar Dunayning ushbu qismida kema harakati butunlay to‘xtab qolgan.

Foto: Reuters Yevropada uzoq davom etgan anomal issiq va qurg‘oqchilik daryoda suv sathining keskin pasayishiga olib keldi. Aprel oyiga kelib mutaxassislar daryo tubidan yettita kemani olib chiqdi, sakkizinchisini esa ko‘tarishga tayyorlandi. Bortda minalar va portlamay qolgan snaryadlar borligi ehtimoli sabab kema avval g‘avvoslar hamda sapyorlar tomonidan ko‘zdan kechiriladi. Yirik kema qoldiqlari butunligicha emas, balki bo‘laklarga bo‘lingan holda olib chiqilmoqda.

Foto: Reuters Dunay o‘zanini tozalash uchun Yevrokomissiya 16,5 million yevro grant ajratgan, Yevropa investitsiya banki esa yana qariyb 14 million yevro taqdim etgan. Birinchi bosqichda mutaxassislar 21 ta kemani olib chiqishni rejalashtirgan.

O‘lchami va yaroqsiz holati sababli cho‘kib ketgan barcha kemalarni suvdan to‘liq ko‘tarib bo‘lmaydi. Ularning baʼzilari zararsizlantirilgach, daryo tubining o‘zida chuqurroq ko‘mib qo‘yilishi mumkin. Serbiya rasmiylarining hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu hududda kema qatnovining qiyinlashuvi mamlakatga har yili 5 million yevrodan ortiq zarar keltiradi.

Dunay daryosida suv sathining rekord darajada pasayib ketgani sababli Vengriya yagona atom elektr stansiyasi faoliyatini to‘xtatishni rejalashtirgan.

qurg'oqchilikdunay daryosiikkinchi jahon urushigermaniya harbiy kemasisuv sathi pasayishiserbiyadunay flotiliyasiatom elektr stansiyasi