Dunyo

Vengriyadagi yagona AES ilk bor yopiladi

Vengriyaning yagona atom elektr stansiyasi (AES) Dunay daryosidagi suv sathi rekord darajada pasayib ketgani sababli o‘z faoliyatini ilk bor to‘xtatadi. Bu haqda 31-iyul kuni bosh vazir Peter Madyar ma’lum qildi.

Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, daryo suvi kamayishda davom etishi kutilayotgani bois stansiya bir necha hafta davomida ishlamaydi. Budapeshtdan taxminan 90 kilometr janubda joylashgan Paks AES hozirda odatiy quvvatining yarmidan kamroq rejimda, ya’ni 2000 megavatt o‘rniga 965 megavatt elektr energiyasi ishlab chiqarmoqda.

Stansiya reaktorlarni sovitish uchun Dunay daryosi suvidan foydalanadi. Biroq suv sathining o‘ta pasayib ketishi nasoslarning yetarli miqdordagi suvni yetkazib berishini qiyinlashtirib qo‘ydi.

Juma kuni stansiyada o‘tkazilgan matbuot anjumanida Peter Madyar ishlab chiqarish hajmi yanada qisqarishini aytdi. Uning ta’kidlashicha, 4 yoki 5-avgustga borib butun stansiya to‘liq o‘chiriladi. Bosh vazir stansiyani to‘xtatish jarayoni xavfsiz amalga oshirilishi va aholi hamda atrof-muhit uchun hech qanday xavf tug‘dirmasligini bildirdi.

Sobiq Sovet ittifoqi davrida qurilgan va to‘rtta reaktorga ega Paks AES Vengriyada ishlab chiqariladigan elektr energiyasining deyarli yarmini ta’minlaydi. Agar u to‘xtatilsa, bu stansiyaning 44 yillik faoliyati davomidagi birinchi holat bo‘ladi.

So‘nggi oylarda Vengriya va Markaziy Yevropaning katta qismi uzoq davom etayotgan qurg‘oqchilikni boshdan kechirmoqda. Bu holat turizm, qishloq xo‘jaligi hamda sanoatga zarar yetkazdi va aholini iqlim o‘zgarishi oqibatlari bilan yuzlashtirdi. Yaqin kunlar yoki haftalarda kuchli yog‘ingarchilik kutilmayotgani sababli Dunay daryosida suv sathi ko‘tarilishi kutilmayapti.

Madyar so‘nggi 20 yil ichida avgust oyida Dunay suvi sathi faqat uch marta ko‘tarilganini eslatib o‘tdi. Uning aytishicha, Paks hududida suv sathi minus 144 santimetrgacha tushib ketishi mumkin. Bu 2018-yilda qayd etilgan minus 98 santimetrlik rekord ko‘rsatkichdan ham pastdir.

Bosh vazirning ta’kidlashicha, minus 134 santimetrlik daraja stansiya faoliyatini to‘liq to‘xtatishni talab qiladi. Manfiy ko‘rsatkich daryo qurib qolganini emas, balki suv sathi o‘lchov shkalasidagi nol nuqtasidan pastga tushganini anglatadi.

Vengriya hukumati yirik energiya iste’molchisi bo‘lgan kompaniyalardan elektr ta’minotini barqarorlashtirishga yordam berishni so‘radi. Ular, ayniqsa, soat 17:00 dan 22:00 gacha bo‘lgan yuklama vaqtida energiya iste’molini ko‘ngilli ravishda kamaytirishi kutilmoqda.

Shuningdek, bosh vazir juma kuni o‘z partiyasi energiyani tejash maqsadida 3 va 4-avgust kunlariga rejalashtirilgan parlament majlislarini qoldirishni taklif qilganini aytdi. U, shuningdek, dushanba kunigacha barcha davlat muassasalarida bezak sifatida foydalaniladigan chiroqlarni o‘chirishni buyurdi. Avvalroq Fransiyada ham jazirama tufayli AES reaktori to‘xtatilgani haqida xabar berilgandi.

energy crisisdanube riverpaks npphungarydroughtclimate changenuclear power plantenergy conservation