Dunyo

Rossiyaning Kiyevga yopirilma hujumi – fotosuratlar

Kiyevda to‘qqiz kishi Rossiya hujumi qurboni bo‘ldi. Zelenskiy Rossiya uchirgan 27 ta ballistik raketadan atigi bittasi urib tushirilganini aytib, bunga «tutib oluvchi» raketalar qolmaganini sabab qilib keltirdi. «Bizda to‘xtatuvchi raketalar yo‘q, bu esa Rossiyani rag‘batlantirmoqda», – degan u.

Rossiyaning Kiyevga hujumi: fotosuratlar

1-avgustga o‘tar kechasi va tongda Rossiya harbiylari Kiyevni dronlar va raketalar bilan nishonga oldi.

Shahar meri Vitaliy Klichkoning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu hujum natijasida to‘qqiz kishi halok bo‘lgan, 30 dan ortiq kishi yaralangan, ulardan 17 nafari shifoxonaga yotqizilgan.

Shaharning yettita tumanida yong‘inlar va vayrongarchiliklar qayd etilgan. Xususan, Litvaning Ukrainadagi elchixonasi binosi ham zarba vaqtida shikastlangan, biroq diplomatik idora xodimlari orasida tan jarohati olganlar yo‘q. Litva Tashqi ishlar vazirligi Rossiya Federatsiyasining maxsus vakilini chaqirtirib, unga norozilik notasini topshirgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning ma’lum qilishicha, tunda mamlakat hududiga jami 27 ta ballistik raketa uchirilgan, ammo Ukraina harbiylari ulardan faqat bittasini urib tushira olgan. U buni Patriot tizimlari uchun tutib oluvchi raketalar yetishmasligi bilan izohlagan. Zelenskiyning ta’kidlashicha, "aynan ballistikaga qarshi tutib olgichlarning bunday taqchilligi Rossiyani shunday zarbalar uchun rag‘batlantirmoqda".

Shu munosabat bilan Zelenskiy ittifoqchilarni Ukrainaga Patriot tizimlari uchun ko‘proq raketa berishga chaqirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, "ballistikaga qarshi [yordamning] har bir paketi odamlarimiz hayotini asrab qoladi. U yo‘qligida har tunda qurbonlar bo‘laveradi".

Ukraina hukumati muntazam ravishda Rossiyaning ballistik hujumlarini qaytarish uchun zarur bo‘lgan raketalar yo‘qligi haqida xabar berib kelmoqda. Kiyevdagilar bu masala qishgacha hal qilinmasa, Rossiya energetika infratuzilmasiga zarbalarni sezilarli darajada kuchaytirishi, bu esa yirik shaharlarni sovuq kunlarda elektr va issiqlik ta’minotisiz qoldirishidan xavotirda.

Iyul oyi boshida AQSh prezidenti Donald Tramp Anqarada Zelenskiy bilan uchrashuvda Ukrainaga Patriot raketalari ishlab chiqarish uchun litsenziya berishga va’da bergandi. Biroq, 30-iyul kuni AQSh prezidenti litsenziya berilishiga "ishonchi komil emasligi" va hali ham bu masalani "ko‘rib chiqayotgani"ni aytdi.

28-iyul kuni Oq uyda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Zelenskiy Trampdan qishgacha Ukrainaga 300 ta Patriot raketasini topshirishni ham so‘ragandi. The Atlantic nashri manbalariga ko‘ra, AQSh prezidenti rad javobini bergan. Eron bilan urushning dastlabki haftalarida bunday raketalar juda ko‘p ishlatib yuborilgani tufayli hozirda AQShning o‘zida ham bunday raketalar zaxirasi yetarli emas.

ukraina-rossiya urushikiyevga hujumdronlar va raketalaraqsh yordamipatriot tizimlarienergetika infratuzilmasidonald trampzelenskiy