Dunyo

Litvaning Kiyevdagi elchixonasi Rossiya raketa hujumida zarar ko‘rdi

**Kiyevdagi Litva elchixonasi Rossiya raketa hujumidan zarar ko‘rdi**

1-avgustga o‘tar kechasi Rossiya tomonidan Kiyevga uyushtirilgan raketa hujumi natijasida Litvaning Kiyevdagi elchixonasi binosiga zarar yetdi. Bu haqda Reuters agentligi Litva Tashqi ishlar vazirligiga tayanib xabar berdi.

Vazirlik vakilining ma’lum qilishicha, elchixona yaqiniga ikkita raketa tushgan. Hodisa oqibatida hech kim jarohat olmagan bo‘lsa-da, elchixona oynalari singan, quyosh kollektorlari shikastlangan va hovliga portlashdan hosil bo‘lgan parchalar sochilib ketgan.

Litva tashqi ishlar vaziri Kestutis Budrisning so‘zlariga ko‘ra, raketalardan biri elchixonadan 10 metr, ikkinchisi esa 150 metr masofaga tushgan.

Budris o‘zining videomurojaatida shunday dedi: “Bugun biz e’tiroz bildirish uchun Rossiya elchixonasi vakilini chaqiramiz. Bu aqlsizlik va Ukrainaga qarshi tajovuzni to‘xtatmasligini bilamiz. Buni to‘xtatishi mumkin bo‘lgan narsa — Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etish, uning barqarorligini oshirish va Rossiya nihoyat muzokaralar stoliga o‘tirishi uchun sanksiyalar orqali unga bosimni kuchaytirishdir”.

**Rossiya kuchlari Kiyevga havodan zarba berdi**

1-avgustga o‘tar kechasi Rossiya kuchlari Kiyevga havodan zarba berdi. Kiyev meri Vitaliy Klichkoning ma’lum qilishicha, hujum ballistik raketalar yordamida amalga oshirilgan. Ukraina Davlat favqulodda vaziyatlar xizmati xabariga ko‘ra, zarba oqibatida to‘qqiz kishi halok bo‘lgan. Ulardan yetti nafari Kiyevning janubi-sharqidagi Darnitskiy tumanida, ikki nafari esa shahar g‘arbidagi Solomenske tumanida qurbon bo‘lgan.

Vitaliy Klichko yaralanganlar soni 30 kishidan oshganini va ulardan 17 nafari kasalxonaga yotqizilganini bildirdi. Umumiy hisobda shaharning beshta tumanida raketalar zarbasi va vayronagarchiliklar qayd etilgan. Rossiya Mudofaa vazirligi esa hujumlar harbiy-sanoat korxonalari va logistika markazlariga qaratilganini ta’kidladi.

Avvalroq, 30-iyulga o‘tar kechasi Rossiya Ukrainaga qanotli raketalar bilan zarba bergani haqida xabar berilgandi. Hujum oqibatida Krivoy Rogda ko‘p bolali oila halok bo‘lgan. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy shaharga qilingan va oilaning o‘limiga sabab bo‘lgan hujumda Shimoliy Koreya raketasi qo‘llanganini ma’lum qilgan.

kiyevga raketa hujumilitva elchixonasiyaradorlarsanksiyalarshimoliy koreya raketalarikrivoy rogqurbonlarrossiya-ukraina urushi