Rossiyaning Kiyevga hujumi oqibatida kamida 9 kishi vafot etdi
Rossiya armiyasi 1 avgustga o‘tar kechasi Ukraina poytaxti Kiyevga ballistik raketalar bilan hujum uyushtirdi. Hujum oqibatida kamida 9 kishi halok bo‘ldi, yana 23 nafar fuqaro turli darajada jarohat oldi. Qutqaruv xizmatlari vayronalarni tozalash va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish ishlarini davom ettirmoqda.

Rossiyaning Kiyevga uyushtirgan hujumi natijasida kamida 9 kishi hayotdan ko‘z yumdi.
Kiyev meri Vitaliy Klichkoning xabar berishicha, kecha shaharda bir nechta kuchli portlashlar sodir bo‘lgan. U aholini havo hujumi xavfi saqlanib qolayotgani sababli boshpanalarni tark etmaslikka chaqirdi.
Kiyev shahar harbiy ma’muriyatining ma’lumotlariga ko‘ra, hujum natijasida shaharning kamida beshta tumaniga zarar yetgan. Eng katta talafot Darnitskiy va Solomenskiy tumanlarida kuzatilgan.
Solomenskiy tumanida ikki kishi halok bo‘lgan, sakkiz nafar fuqaro, jumladan ikki nafar bola jarohat olgan. Bir manzilda besh qavatli turar joy binosining bir qismi qulab tushgan va yong‘in kelib chiqqan. Boshqa bir hududda avtoturargohdagi avtomashinalar yonib ketgan. Uch nafar jabrlanuvchi shifoxonaga yotqizilgan. Qutqaruvchilar yuqori qavatlarda qolib ketgan 35 nafar aholini evakuatsiya qilgan va yong‘inlarni o‘chirgan.
Darnitskiy tumanida esa ma’muriy bino va noturarjoy ob’yektlaridan birida vayrongarchilik va yong‘inlar yuz bergan. Shuningdek, avtomashinalar yonib ketgan, yaqin atrofdagi uy-joylarga ham zarar yetgan. Ushbu tumanda yetti kishi halok bo‘lgan, 14 nafar fuqaro jarohat olgan. Ular orasida ikki nafar bola ham bor. Favqulodda xizmatlar yong‘inlarni o‘chirishga muvaffaq bo‘lgan.
Kiyev viloyatida ham Rossiya hujumi oqibatida sanoat korxonalaridan birida yong‘in chiqqan. Viloyat harbiy ma’muriyati ma’lumotiga ko‘ra, ushbu hodisada ikki kishi jarohat olgan.
Hozirda qutqaruv va tezkor xizmatlar hujum oqibatlarini bartaraf etish, vayronalarni tozalash hamda jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish ishlarini davom ettirmoqda.

