Dunyo

Rossiyadagi plyajga dron qulab tushdi, yetti kishi halok bo‘ldi (video)

Rossiyaning Gelenjik shahri yaqinidagi plyajga 3-avgust kuni Ukraina droni qulab tushishi oqibatida yetti kishi halok bo‘ldi, deb xabar berdi “Meduza”. Qurbonlarning uch nafari bola bo‘lgan. Hodisa natijasida 58 kishi tan jarohati olgan, ulardan 21 nafari kasalxonaga yotqizilgan.

Shahar rahbari Aleksey Bogodistov soat 08:34 da dron tahdidi haqida xabar bergan, biroq 10 daqiqadan so‘ng xavf bekor qilingan. Mahalliy aholi va sayyohlar Arxipo-Osipovka qishlog‘ida ogohlantirish sirenalari bo‘lsa-da, ular eshitilmaganini ta’kidladi.

Krasnodar o‘lkasi gubernatori Veniamin Kondratyev Telegram kanalida hujum fuqarolik infratuzilmasiga qaratilganini yozdi va Arxipo-Osipovkaga “dron qoldiqlari” tushganini iddao qildi. Biroq, voqea joyidan olingan videolarda dronning butun holatda qulagani aks etgan.

“Agentstvo” nashri harbiy ekspertlarga tayanib, dron Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi harakatlari sababli plyajga qulagan bo‘lishi mumkinligini yozdi. Bu xulosaga dronning uchish trayektoriyasi va videolarda eshitilgan ketma-ket o‘q ovozlari asos bo‘lgan. Guvohlar ham otishma haqidagi ma’lumotni tasdiqlagan, bu havo o‘t ochish guruhining harakatiga ishora qiladi. OSINT-tahlilchisi Kirill Mixaylovning qayd etishicha, dron pastlay boshlagach, o‘q tovushi to‘xtagan.

Harbiy tahlilchi Devid Sharp The Insider jurnalistlari bilan suhbatda bu fikrga qo‘shilib, dronning qulashiga nosozlik, zarba natijasida shikastlanish yoki radioelektron kurash sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytdi. Uning fikricha, bu qasddan plyajga qilingan hujum versiyasidan ko‘ra haqiqatga yaqinroq. Sharp, shuningdek, o‘q ovozlari yaqin atrofda qo‘riqlanayotgan obyekt borligini ko‘rsatishiga e’tibor qaratdi va aynan o‘sha obyekt dronning nishoni bo‘lgani taxmin qilinmoqda. Ekspert obyekt nomini oshkor qilmadi.

“Agentstvo”ning yozishicha, dron qulagan plyaj “Rassvet” dam olish bazasi ro‘parasida joylashgan. Ushbu baza mamlakatning asosiy raketa-kosmik korxonalaridan biri bo‘lmish “NPO mashinostroyeniya” filialidir. Shuningdek, Qora dengiz bo‘yida, Gelenjik yaqinidagi Praskovyevka qishlog‘i atrofida “Putin saroyi” ham joylashgan.

ukrainerussiaair defensecasualtiesbeachdrone crashmilitary analysiscivilian infrastructure