Dunyo

Ukraina dronlari yana Saratovni nishonga oldi: 2 kishi halok bo‘ldi (video)

Ukraina dronlari Rossiyaning Saratov viloyatiga 2-avgustga o‘tar kechasi yana bir hujum uyushtirdi, natijada ikki kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Interfax” xabar berdi.

Saratov viloyati gubernatori Roman Busarginning ma’lum qilishicha, Ukraina dronlari hujumi va havo hujumidan mudofaa tizimlarining javob harakatlari oqibatida ikki kishi hayotdan ko‘z yumgan. U, shuningdek, Saratov va Engels shaharlaridagi fuqarolik infratuzilmasiga zarar yetganini tasdiqladi.

Rossiya Mudofaa vazirligi hujum tafsilotlari yoki nishonga olingan obyektlar haqida hozircha batafsil ma’lumot bermadi. Ukraina tomoni esa zarba yana Saratov neftni qayta ishlash zavodiga berilganini iddao qildi.

Tarmoqda tarqalgan videolarda shaharning ikki nuqtasida yong‘in va osmonga ko‘tarilgan tutun ko‘rinadi. Shuningdek, to‘qqiz qavatli turar joy binosidagi yong‘in aks etgan yana bir video tarqalgan. Taxmin qilinishicha, yong‘inga urib tushirilgan dronning qoldiqlari sabab bo‘lgan.

“Astra” nashri videolar geolokatsiyasini tahlil qilib, yong‘in aynan Saratov neftni qayta ishlash zavodi hududida sodir bo‘lganini ma’lum qildi.

Mazkur zavod urush davomida Ukraina dronlari hujumiga bir necha bor uchragan. So‘nggi shunday hujum iyul oyi boshida qayd etilgandi.

Saratovning ro‘parasida, Volga daryosining narigi sohilida joylashgan Engels shahrida esa Rossiyaning strategik bombardimonchi samolyotlari joylashgan harbiy aviabaza mavjud.

Avvalroq Ukraina AQSH va Fransiya yordamida Rossiya neft zavodlariga zarba bergani haqida xabar berilgandi. Mamlakatlar Kiyevga Rossiya havo mudofaasi tizimlari qayerda joylashganini aniqlashda yordam beruvchi razvedka ma’lumotlarini taqdim etgan. Ukrainalik mulozimlarga ko‘ra, bu ma’lumotlar dronlarga havo mudofaasini aylanib o‘tib, neftni qayta ishlash zavodlariga zarba berishga imkon yaratgan.

air defensesaratovoil refineryengels air basedrone attackukrainerussiacasualties