Gelenjikda ukrain droni plyajdagi odamlar ustiga quladi
Mahalliy aholi ogohlantirish tizimi ishlamaganidan shikoyat qilgan. Ukraina tomoni dron radioelektron kurash vositasi ta’sirida qulaganini aytmoqda. Portlash oqibatida 7 kishi halok bo‘lib, o‘nlab kishilar jarohatlangan.

Ukraina droni Gelenjikdagi plyajga qulashi oqibatida yetti kishi, jumladan uch nafar bola halok bo‘ldi. Bu haqda Krasnodar o‘lkasi gubernatori Veniamin Kondratev ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Arxipo-Osipovka posyolkasiga qilingan hujum natijasida 40 kishi jarohatlangan, ulardan 21 nafari shifoxonaga yotqizilgan. Rossiya Federatsiyasi sog‘liqni saqlash vaziri yordamchisi Aleksey Kuznetsovning xabar berishicha, jabrlanganlardan to‘rt nafari, shu jumladan ikki nafar bola og‘ir ahvolda.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda dronning to‘g‘ridan-to‘g‘ri plyajga kelib urilgani va portlagani aks etgan. Hodisa sodir bo‘lgan vaqtda sohil va suvda odamlar dam olayotgan bo‘lgan.
Krasnodar o‘lkasi operativ shtabi sohilga "dron parchalari" tushganini ma’lum qildi. Ukrainadagi Telegram-kanallar esa dronning radioelektron kurash vositalari ta’sirida boshqaruvni yo‘qotib, plyajga qulaganini ta’kidlamoqda.
"Ostorojno, novosti" nashrining qayd etishicha, shahar rahbari Aleksey Bogodistov soat 08:34 da dronlar hujumi xavfi haqida xabar bergan. Oradan 10 daqiqa o‘tib, u bu rejim bekor qilinganini yozgan. Shu bilan birga, mahalliy aholi va sayyohlar posyolkada ogohlantiruvchi tizim mavjud bo‘lishiga qaramay, sirenalar ovozi eshitilmaganidan shikoyat qilishgan. 93.ru nashri o‘quvchilari ham ogohlantirish tizimi ishlamaganini aytib berishgan.

