Rossiyada Xitoy avtomobillari sifatsiz benzin sabab ishdan chiqmoqda

Rossiyada Xitoy avtomobillari sifatsiz benzin tufayli nosozliklarga uchramoqda.
Rossiyada Haval, Chery, Geely, Changan, Exeed, Omoda va Jetour kabi Xitoy avtomobillari egalari o‘z mashinalarini ommaviy ravishda avtoservislarga olib bormoqda. Bu haqda Mash Telegram kanali xabar berdi.
Shikoyatlar “Yevro-5” standarti talablariga javob beradigan benzin uchun mo‘ljallangan dvigatellar va yonilg‘i tizimlarining ishdan chiqishi bilan bog‘liq. Rossiya hukumati dron hujumlari natijasida yuzaga kelgan yoqilg‘i inqirozi sababli “Yevro-2” standartidagi benzin ishlab chiqarishga ruxsat bergan. Hozirda Xitoy avtomobillariga ham ushbu yonilg‘i quyilmoqda. Bunday benzin tarkibidagi oltingugurt miqdori “Yevro-5” standartidagi benzinga nisbatan 50 baravar ko‘p bo‘lishi mumkin.
Baklariga “Yevro-2” darajasidagi yonilg‘i quyayotgan rossiyaliklar Xitoy avtomobillarining zamonaviy dvigatellaridagi forsunkalar va yonilg‘i nasoslari ishdan chiqishiga duch kelmoqda. Bu esa datchiklarda dvigatel xatolari paydo bo‘lishiga, avtomobilning tortish kuchi pasayishiga, dvigatelning qiyin o‘t olishiga va yonilg‘i sarfining ortishiga olib kelmoqda. Shunga qaramay, ayrim avtomobil egalari sifatsiz yonilg‘idan foydalanishda davom etib, “mashinani battar ishdan chiqarmoqda”.
Mash ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi paytlarda avtoservislarga murojaatlar soni haftasiga 1-2 tadan 7-10 tagacha ko‘paygan. Ta’mirlash uchun taxminan 15 ming rubl (2 mln so‘mdan ziyod) sarflanmoqda. Ba’zi hollarda qimmatbaho ehtiyot qismlarini to‘liq almashtirishga to‘g‘ri kelmoqda.
5-avgust kuni Energetika vazirligi Rossiya hukumati 2013-yilda taqiqlangan, tarkibida 1 kilogramm yonilg‘iga 500 milligrammgacha oltingugurt bo‘lgan “Yevro-2” benzinini ishlab chiqarish va mamlakatga olib kirishga ruxsat berganini ma’lum qildi. Ruxsatnoma 2027-yil 1-iyuligacha amal qiladi va “ichki bozorni avtomobil yonilg‘isi bilan barqaror ta’minlash hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tanqislikning oldini olishga” qaratilgan.
Mutaxassislarning fikricha, “Yevro-2”dagi oltingugurtning yuqori miqdori silindr-porshen guruhi, yonilg‘i apparaturasi, motor moyi, klapanlar va forsunkalar, shuningdek, katalitik neytralizatorga zarar yetkazadi.

