Polsha yana Rossiya razvedka samolyotini tutib oldi
Polsha Harbiy-havo kuchlari bir hafta ichida uchinchi marta Rossiyaning Il-20 harbiy razvedka samolyotini Boltiq dengizi ustida kuzatib, ushlab qoldi. Polsha Mudofaa vazirligiga ko‘ra, samolyot mamlakat havo hududiga kirmagan, biroq NATO chegaralari yaqinidagi navbatdagi provokatsion harakat sifatida baholanmoqda.

Polsha yana bir bor Rossiya razvedka samolyotini tutib oldi. Bu haqda Polsha mudofaa vaziri Vladislav Kosinyak-Kamish ma’lum qildi. Voqea 4-avgust kuni kunning birinchi yarmida sodir bo‘lgan. Polsha qiruvchi samolyotlari Boltiq dengizi ustida, Koshalin shahridan taxminan 56 kilometr shimoli-g‘arbida Rossiyaning Il-20M razvedka samolyotini kuzatib borgan.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya NATO davlatlari chegaralari yaqinida bunday parvozlarni muntazam amalga oshirib, alyansning hushyorligi va mudofaa tizimlari tayyorgarligini sinovdan o‘tkazishga urinayotgan bo‘lishi mumkin.
Polsha Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Yanush Seymeyning ta’kidlashicha, Rossiya samolyoti mamlakat havo hududini buzmagan. Shunga qaramay, Polsha harbiylari uni belgilangan tartibda kuzatib borgan.
Bu so‘nggi kunlardagi uchinchi shunday holatdir. Avvalroq Polsha harbiylari 3-avgust va 31-iyul kunlari ham Rossiyaning Il-20 razvedka samolyotlarini Boltiq dengizi ustida kuzatgani haqida xabar bergan edi.
Bundan tashqari, 30-iyul kuni Rossiyaga tegishli qanotli raketa Polsha hududiga kirib kelgan va portlagani ma’lum qilingan.
Varshavaning ta’kidlashicha, so‘nggi vaqtlarda Rossiyaning Polsha sohillari yaqinida amalga oshirayotgan razvedka parvozlari yana faollashgan. Iyul oyi o‘rtalarida ham Polsha Harbiy-havo kuchlari uch kun ketma-ket Rossiya harbiy samolyotlarini ushlab qolgan.
Shuningdek, Polsha ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil sentyabrida kamida 19 ta Rossiya droni mamlakat chegarasini kesib o‘tgan bo‘lib, ularning aksariyati Belarus hududidan uchib kelgan. Ularni tutib olish uchun Polsha va boshqa NATO davlatlarining qiruvchi samolyotlari jalb qilingan.
O‘shanda Varshava bu holatni Rossiyaning ataylab uyushtirilgan harakati deb baholab, NATOning Shimoliy Atlantika shartnomasining 4-moddasiga muvofiq ittifoqdoshlar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazishni so‘ragan. Moskva esa ushbu ayblovlarni asossiz deb atagan.

