Rossiyaning “X-101” raketasi Polsha hududiga kirdi (video)

Rossiyaning “X-101” raketasi Polsha havo hududiga kirib, mamlakatdagi qishloqlardan birida voronka va noma’lum obyekt qismlari topildi. Bu haqda The Insider xabar berdi.
Polsha harbiylari mamlakat havo hududida noma’lum obyekt kuzatilganini tasdiqladi. Uni tutib olish uchun F-16 qiruvchi samolyoti havoga ko‘tarilgan. Shu bilan birga, Polsha tomoni ushbu obyekt Rossiya raketasi bo‘lgan-bo‘lmaganini hozircha aniqlagani yo‘q.
Polsha Qurolli kuchlari operativ qo‘mondonligiga ko‘ra, g‘arbga harakatlanayotgan obyekt soat 03:40 da aniqlangan. Olti daqiqadan so‘ng u radar ekranlaridan g‘oyib bo‘lgan. Soat 05:00 dan keyin politsiya Tarnava-Koloniya va Tokara qishloqlari o‘rtasida diametri taxminan 10 metr bo‘lgan chuqurlik va noma’lum obyektning sochilgan bo‘laklarini topgan.
“Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan, mahalliy aholining hayoti va mol-mulkiga xavf yo‘q”, dedi politsiya vakili Andjey Fiolek.
Voqea haqida harbiy politsiya, Ichki xavfsizlik agentligi, Harbiy kontrrazvedka xizmati va Lyublin prokuraturasi xabardor qilingan. Atrofdagi aholi punktlarida yashovchilarning so‘zlariga ko‘ra, portlash kuchli bo‘lgani sababli uylarning derazalari zirillab ketgan.
Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiganing aytishicha, Polsha chegarasini Ukrainaga qarshi hujumda ishtirok etgan Rossiyaning “X-101” raketasi kesib o‘tgan. Vazir buni NATO havo hududining navbatdagi buzilishi deb atadi. U shu sababli Ukraina havo mudofaasini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi hujumi boshlanganidan buyon uning dronlari bir necha bor NATOga a’zo davlatlarning hududiga buzib kirdi. 24-iyul kuni Ruminiyaning F-16 qiruvchi samolyoti ilk bor havo hududiga kirgan dronni urib tushirgandi.

