Ukraina yana bir F-16 qiruvchisini yo‘qotdi
Ukraina Havo kuchlarining F-16 qiruvchi samolyoti jangovar topshiriqni bajarayotgan vaqtda halokatga uchradi. Uchuvchi katapulta orqali qutqarilib, shifoxonaga yetkazildi. Bu Ukraina tomonidan yo‘qotilgan to‘rtinchi F-16 qiruvchisi bo‘ldi.

Ukraina yana bir F-16 qiruvchi samolyotidan ayrildi. Ukraina Havo kuchlariga tegishli ushbu F-16 qiruvchisi 29-iyul kuni frontda jangovar topshiriqni bajarayotgan paytda halokatga uchradi. Harbiylarning ma’lumotiga ko‘ra, samolyot Rossiyaning havodan hujum vositalarini tutib qolish vazifasini bajarayotganida bortda favqulodda holat yuzaga kelgan.
Ukraina Havo kuchlari tarqatgan bayonotda aytilishicha, uchuvchi vaziyat og‘irlashgach, katapultadan foydalanishga majbur bo‘lgan. Qutqaruv guruhlari uni tezda evakuatsiya qilib, tibbiy ko‘rik va diagnostika uchun shifoxonaga yetkazgan. Hozircha uning hayotiga xavf yo‘q.
Harbiylar ta’kidlashicha, samolyot halokatga uchragan hududda tinch aholi orasida qurbonlar yoki vayrongarchilik qayd etilmagan. Hodisa joyida mutaxassislar va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar ish olib bormoqda. Samolyotning qulashiga nima sabab bo‘lgani yuzasidan tekshiruv tayinlangan.
F-16 qiruvchilari Ukrainaga 2024-yil avgust oyi boshida Daniya va Niderlandiya boshchiligidagi Yevropa davlatlari koalitsiyasi tomonidan yetkazib berilgan edi. Dastlabki bosqichda Ukraina 10 ta samolyot qabul qilgan, keyinchalik esa parkni kengaytirish rejalashtirilgan. Ukraina uchuvchilari mazkur samolyotlarni boshqarish bo‘yicha AQShda tayyorgarlikdan o‘tgan.
Bu Ukraina tomonidan yo‘qotilgan to‘rtinchi F-16 hisoblanadi. Birinchi samolyot 2024-yil 29-avgust kuni Rossiyaning ommaviy raketa hujumini qaytarish vaqtida qulagan, uchuvchi Aleksey Mes halok bo‘lgan.
Ikkinchi F-16 2025-yil 12-aprel kuni jangovar vazifani bajarayotgan vaqtda halokatga uchragan. Uchuvchi Pavlo Ivanov ham halok bo‘lgan va unga, Aleksey Mes kabi, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tomonidan vafotidan so‘ng «Ukraina Qahramoni» unvoni berilgan.
Uchinchi F-16 esa 2025-yil 16-may kuni Rossiya dronlari hujumini qaytarish chog‘ida yo‘qotilgan edi.
Mutaxassislar qayd etishicha, g‘arbda ishlab chiqarilgan F-16 qiruvchilari Ukraina havo mudofaasi tizimining muhim qismi hisoblanadi. Shu bois har bir samolyotning yo‘qotilishi mamlakatning havo himoyasi imkoniyatlari uchun sezilarli talafot sifatida baholanmoqda.

