Dunyo

Rossiya Ukrainaga 80 ta dron bilan hujum qildi

Rossiya qo‘shinlari 29 iyulga o‘tar kechasi Ukrainaga 80 ta turli rusumdagi uchuvchisiz uchish apparati bilan hujum qildi. Ukraina havo mudofaasi ularning aksariyatini yo‘q qilganini ma’lum qilgan bo‘lsa, Xersonda bir kishi halok bo‘ldi, Sumi viloyatida esa turar joylar va fuqarolik infratuzilmasiga zarar yetdi.

Rossiya 29-iyulga o‘tar kechasi Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli dron hujumini amalga oshirdi, unda jami 80 ta uchuvchisiz uchish apparati ishlatilgan. Bu haqda Ukraina Qurolli Kuchlari Havo kuchlari xabar berdi.

Hujumda Eronning "Shahed" rusumli dronlari, shuningdek, "Gerbera", "Italmas", "Banderol" jangovar apparatlari va "Parodiya" nomli dron-imitatorlaridan foydalanilgan. Ular Bryansk, Kursk, Oryol, Primorsk-Axtarsk, Donbassning Rossiya nazoratidagi qismi va anneksiya qilingan Qrimdagi Gvardeyskoye hududlaridan uchirilgan.

Ukraina harbiylari dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat shimoli, janubi va sharqida 65 ta dron havo mudofaasi tizimlari tomonidan yo‘q qilinganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, 14 ta hujumkor dron 10 ta nuqtaga yetib borgani, urib tushirilgan dronlar parchalari esa yana ikki joyga tushgani qayd etildi.

Ukraina harbiylari dron hujumi kunduzi ham davom etganini bildirdi. Navbatdagi hujumlar Odessa, Poltava, Xarkiv viloyatlari va Kriviy Rix yo‘nalishlarida kuzatilgan.

Xerson viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Aleksandr Prokudinning ma’lum qilishicha, 58 yoshli Xerson shahri fuqarosi shifoxonada vafot etgan. U Rossiyaning "Shahed" droni turar joyga bergan zarbasi oqibatida og‘ir jarohat olgan edi. Hujum natijasida yana kamida uch kishi jarohatlangan bo‘lib, ularning ahvoli o‘rtacha og‘ir deb baholanmoqda. Avvalgi kuni ham Xersonda bir kishi halok bo‘lgani xabar qilingan.

Sumi viloyatida esa Rossiya qo‘shinlari 24 ta aholi punktini o‘qqa tutgan. Ukraina Milliy politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, hujumlarda boshqariladigan aviatsiya bombalari, hujumkor dronlar, FPV-dronlar, artilleriya va minomyotlar qo‘llangan. Oqibatda 62 yoshli ayol jarohat olgan.

Hujumlar natijasida bir qator xususiy uylar, fuqarolik infratuzilmasi ob’yektlari, yonilg‘i quyish shoxobchalari, xo‘jalik binolari va fermaga zarar yetgan. Shuningdek, zarbalar oqibatida bug‘doy maydonida yong‘in chiqqan. Ukraina politsiyasi hujumlar yetkazgan zararni baholash va oqibatlarni bartaraf etish ishlari davom etayotganini ma’lum qildi.

fuqarolik infratuzilmasidron hujumirossiya-ukraina urushiqurbonlarhavo mudofaasishahed dronlarixersonsumi