Dunyo

Yonilg‘i tanqisligi fonida Rossiya ekologik standartlarni yumshatdi

Rossiya hukumati 2027-yil 1-iyulgacha «Yevro-2», «Yevro-3» va «Yevro-4» ekologik toifalariga mansub benzinni ishlab chiqarish va sotishga ruxsat berdi. Mamlakat Energetika vazirligi bu qarorni yonilg‘i bozoridagi vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan vaqtinchalik inqirozga qarshi chora sifatida izohladi.

Rossiya hukumati yonilg‘i tanqisligi sharoitida ekologik standartlarni yumshatishga qaror qildi. Endilikda K2–K4 («Yevro-2», «Yevro-3» va «Yevro-4») ekologik toifalariga mansub benzinni ishlab chiqarish va sotishga 2027-yil 1-iyulgacha ruxsat beriladi. Bu haqda Rossiya Energetika vazirligi ma’lum qildi.

Shu bilan birga, hukumat avvalgi, 2026-yil oxirigacha tarkibida oltingugurt miqdori yuqoriroq bo‘lgan K5 toifali benzindan foydalanishga ruxsat beruvchi qarorni bekor qildi.

Energetika vazirligining ta’kidlashicha, avtoyonilg‘i quyish shoxobchalarida benzinning ekologik toifasi xaridorlar uchun aniq ko‘rsatiladi. Vazirlik ushbu qaror vaqtinchalik ekanini va yonilg‘i sifati talablari bilan iste’molchilarni uzluksiz ta’minlash o‘rtasidagi muvozanatni saqlash maqsadida qabul qilinganini bildirdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyadagi yoqilg‘i inqirozi Ukraina qurolli kuchlarining neftni qayta ishlash zavodlari va yonilg‘i-energetika infratuzilmasi ob’yektlariga bergan muntazam zarbalari ortidan kuchaygan. Xususan, may oyi oxirida Moskva yonilg‘isining qariyb 40 foizini ta’minlaydigan «Kapotnya» neftni qayta ishlash zavodi qisqa vaqt ichida ikki marta hujumga uchrab, 2026-yil oxiri yoki 2027-yil boshigacha ishdan chiqqan.

Reuters agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil iyun oyida Rossiyada benzin ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 25 foizga qisqarib, kuniga 85 ming tonnani tashkil etgan. Yozgi mavsumda esa mamlakatda kunlik talab taxminan 110 ming tonnani tashkil etmoqda. Shu sababli Rossiyaning 40 dan ortiq hududida yonilg‘i savdosiga rasmiy cheklovlar joriy etilgan.

Mutaxassislarning fikricha, past ekologik standartli benzin ishlab chiqarishga ruxsat berish neft mahsulotlarini chuqur qayta ishlamasdan ishlab chiqarish imkoniyatini kengaytiradi va ishlab chiqarish hajmini oyiga yuz minglab tonnaga oshirishi mumkin. Biroq, bunday yonilg‘i zamonaviy avtomobillarning katta qismi uchun xavf tug‘dirishi mumkinligi ham qayd etilmoqda.

russiaoil refineriesenergy policyfuel crisisukraine attacksenvironmental standardsgasoline productionfuel quality