Ruminiya qo‘ng‘ir ayiqlar soni ko‘paygani sabab ovlash kvotasini ikki baravar oshirdi

Ruminiya qo‘ng‘ir ayiqlar populyatsiyasining ko‘payishi sababli ovlash kvotasini ikki baravar oshirdi. Hukumat bu chorani ayiqlar sonini nazorat qilish va aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida amalga oshirmoqda. Biroq, ekologlar va tabiatni muhofaza qilish mutaxassislari bu harakat ayiqlarning aholi yashash joylariga kirib kelishi muammosini hal qilmasligini ta’kidlamoqda, deb xabar beradi Reuters.
Mashhur Transfegerashan tog‘ yo‘lida atigi uch soat ichida kamida 20 ta qo‘ng‘ir ayiq o‘rmondan chiqib, avtomobillar yoniga kelgan. Sayyohlar esa ogohlantirishlarga qaramay, ayiqlarni oziqlantirib, ular bilan suratga tushgan. Yo‘l bo‘ylab o‘rnatilgan belgilar yovvoyi hayvonlarni oziqlantirish noqonuniy ekanligini va buning uchun katta jarima belgilanganini eslatadi, ammo ko‘plab sayyohlar bu qoidalarga amal qilmayapti.
Ruminiya Atrof-muhit vazirligining dastlabki DNK tadqiqotlariga ko‘ra, mamlakatda 10 mingdan 13 mingtagacha qo‘ng‘ir ayiq yashaydi. Bu Rossiyadan tashqari Yevropadagi eng yirik qo‘ng‘ir ayiq populyatsiyasi hisoblanadi. So‘nggi yillarda ayiqlarning odamlar bilan to‘qnashuvi tobora ko‘paymoqda. Mutaxassislar bunga shaharlarning kengayishi va iqlim o‘zgarishi oqibatida tabiiy yashash muhitining qisqarishi sabab bo‘layotganini aytmoqda. Oziq-ovqat izlagan ayiqlar endi muntazam ravishda qishloq va shaharlarga kirib kelmoqda. Ruminiya Atrof-muhit vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 20 yil ichida ayiq hujumlari oqibatida qariyb 30 kishi halok bo‘lgan.
**Mutaxassislar: muammo ovda emas, qonunlar ijrosida**
Yangi qonunga ko‘ra, Ruminiya 2026 va 2027-yillar uchun qo‘ng‘ir ayiqlarni ovlash kvotasini 900 boshga yaqin miqdorgacha oshirdi. Biroq ekologlar bunga qarshi chiqmoqda. Ularning fikricha, ovchilar asosan o‘rmondagi yirik trofey ayiqlarni ovlaydi, aholi yashash joylariga oziq izlab kirayotgan urg‘ochi ayiqlar va bolalariga esa deyarli tegmaydi.
Ruminiyadagi Libearty ayiq qo‘riqxonasining rahbari Kristina Lapisning aytishicha, ayiqlar ko‘pincha yo‘l bo‘ylariga va aholi punktlariga kelayotgan bir paytda ularni chuqur o‘rmonlarda ovlash muammoni hal qilmaydi. 2021-yildan buyon Ruminiyada mahalliy hokimiyatlarga odamlarning hovlisi yoki uyiga kirgan ayiqlarni otib tashlash vakolati ham berilgan.
Shu bilan birga, Climate Adaptation Platform Association tashkiloti vakili Siprian Galushka mavjud qonunlar yetarli darajada bajarilmayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayiqlarni oziqlantirganlik uchun jarimalar, chiqindilarni to‘g‘ri saqlash talablari va elektr to‘siqlar o‘rnatish uchun ajratiladigan subsidiyalar amalda samarali qo‘llanmayapti. Mutaxassislar fikricha, ayiqlar sonini qisqartirishdan ko‘ra, mavjud qoidalar ijrosini kuchaytirish odamlar va yovvoyi hayvonlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarni kamaytirishda samaraliroq bo‘lishi mumkin.

