Dunyo

Qozog‘istonda Amur yo‘lbarslari ochiq tabiatga qo‘yib yuboriladi

Qozog‘iston Amur yo‘lbarslarini yovvoyi tabiatga qaytarish dasturining muhim bosqichini yakunlash arafasida. Agar sinovlar muvaffaqiyatli o‘tsa, Rossiyadan keltirilgan ikki bosh voyaga yetgan Amur yo‘lbarsi avgust oyida tabiatga qo‘yib yuborilishi mumkin. Bu haqda mamlakat Ekologiya vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Bahorda Rossiyadan olib kelingan to‘rtta Amur yo‘lbarsi hozirda Ile-Balxash davlat tabiat qo‘riqxonasida moslashuv davrini o‘tamoqda. Mutaxassislar ularning salomatligi va xulq-atvorini har kuni kuzatib bormoqda.

Vazirlikning xabar berishicha, ikki bosh yirik yo‘lbars mustaqil ov qilish ko‘nikmalarini namoyon etmoqda. Ular odamlardan o‘zini olib qochadi va tajovuz ko‘rsatmaydi. Ikkita yosh yo‘lbars ham yaxshi rivojlanmoqda, vazn yig‘ib, yangi muhitga ko‘nikmoqda.

Moslashuv davrida hayvonlarning odamlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqasi to‘liq cheklangan. Ularni boqish masofadan turib amalga oshirilmoqda. Bu yo‘lbarslar odam va yemish o‘rtasida bog‘liqlik bor deb o‘ylamasligi uchun zarur.

**Yo‘lbarslar qayerda yashaydi?**

Yakuniy qaror qabul qilingach, yo‘lbarslar Olmaota viloyatidagi qo‘riqxonaga qo‘yib yuboriladi. Ushbu hudud Markaziy Osiyoda yo‘lbarslarni ko‘paytirish uchun eng qulay joy hisoblanadi. 2026-yil boshida qo‘riqxona maydoni 35 ming gektardan ortiqroqqa kengaytirilib, qariyb 450 ming gektarga yetkazildi. Yo‘lbarslarga GPS bo‘yinbog‘lar taqiladi. Bu orqali ularning harakati 24 soat davomida real vaqt rejimida kuzatib boriladi.

**Aholi xavfsizligi qanday ta’minlanadi?**

Ekologiya vazirligi mahalliy aholi xavfsizligi uchun barcha choralar ko‘rilganini bildirdi. Qo‘riqxonada yo‘lbarslarni haydash yoki zarur bo‘lganda ushlab turish bo‘yicha maxsus guruh tashkil etilgan.

Agar yo‘lbars aholi punktiga 5 kilometrgacha yaqinlashsa, chora ko‘rish uchun ogohlantirish beriladi. 2025-yil may oyida aholi uchun maxsus aloqa kanali yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, yo‘lbars chorva moliga zarar yetkazsa, yetkazilgan zarar qoplanishi ta’kidlandi.

Avvalroq Germaniyada qafasdan qochib ketgan va bir kishini jarohatlagan yo‘lbars otib o‘ldirilgani haqida xabar berilgandi.

qozog‘istonamur yo'lbarslariyovvoyi tabiatga qo'yib yuborishyo'lbars populyatsiyasini tiklashile-balxash qo'riqxonasigps kuzatuviaholi xavfsizligiekologiya vazirligi