Dunyo

OSINT: Ryazan viloyatidagi Wildberries omborida yong‘in yuz berdi

OSINT tahlillari bilan shug‘ullanuvchi bir qator Telegram-kanallariga ko‘ra, Ukraina dronlari hujumi ortidan Rossiyaning Ryazan viloyatida joylashgan Wildberries logistika omborida yong‘in chiqqan. Viloyat hokimiyati sanoat hududida yong‘in yuz berganini tasdiqlagan, ammo jabrlangan korxona nomini ochiqlamagan.

OSINT: Ryazan viloyatidagi Wildberries omborida yong‘in sodir bo‘ldi

29-iyul kuni ertalab Astra va Exilenova+ Telegram-kanallari ochiq manbalar tahlili (OSINT) hamda foydalanuvchilar tomonidan yuborilgan foto va videolarga asoslanib, Ryazan viloyatining Tyushevo qishlog‘i yaqinidagi "Ryazanskiy" industrial parkida joylashgan Wildberries omborida yong‘in chiqqanini ma’lum qildi.

Wildberries matbuot xizmati xavfsizlik talablariga muvofiq Ryazan shahridagi logistika ob’yektining to‘liq evakuatsiya qilinganini bildirdi.

Ryazan viloyati gubernatori Pavel Malkinning so‘zlariga ko‘ra, uchuvchisiz uchish apparatlari qoldiqlari tushishi oqibatida sanoat hududlarida yong‘in kelib chiqqan. Biroq u qaysi korxona yoki korxonalar jabrlanganiga aniqlik kiritmadi.

Gubernatorning qayd etishicha, hodisa natijasida olti kishi shifoxonaga yotqizilgan. Ularning hayotiga xavf yo‘q va shifokorlar zarur tibbiy yordam ko‘rsatmoqda.

So‘nggi haftalarda Ukraina Qurolli kuchlari Wildberries kompaniyasining Rossiya va Rossiya tomonidan qo‘shib olingan Qrimdagi logistika markazlariga bir necha bor hujum uyushtirgani xabar qilingan. Bular orasida Moskva viloyati, Tambov viloyati, Sankt-Peterburg yaqini va Tver shahridagi omborlar ham bor.

25-iyul kuni Yekaterinburgda ham Ukraina dronlari hujumi ortidan Wildberries ombori yaqinidagi avtoturargohda yong‘in chiqqan, ammo omborning o‘zi zarar ko‘rmagan.

"Kommersant" gazetasi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu hujumlar natijasida marketpleysning umumiy maydoni 550 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan logistika quvvatlarining 10 foizdan ziyodiga zarar yetgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy avvalroq Wildberries logistika markazlariga berilgan zarbalarni Rossiyaning Ukraina fuqarolik infratuzilmasiga qilgan hujumlariga javob deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim logistika markazlari Rossiyada dronlar va navigatsiya uskunalari ishlab chiqarish uchun sanksiya ostidagi butlovchi qismlarni yetkazib berishda foydalanilgan.

logisticsukrainerussiadrone attackwildberrieswarehouse fireryazanosint