Dunyo

Keniyada 15 ta fil sirli tarzda nobud bo‘ldi

Keniya hukumati Amboseli milliy bog‘ida bir oy ichida 15 ta filning sirli o‘limi sabablarini o‘rganmoqda. Bu haqda The Guardian nashri xabar berdi.

Keniya Yovvoyi tabiatni muhofaza qilish xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lgan fillarning 10 tasida o‘limidan ikki kun avval qisman falajlik belgilari kuzatilgan. Qolgan 5 ta filning jasadi juda chirigan va yirtqichlar tomonidan yeb tashlanganligi sababli ularning o‘lim sababini aniqlash imkoni bo‘lmagan.

Qurbonlarning aksariyati urg‘ochi fillar va ularning bolalari bo‘lib, ular orasida faqat bitta erkak fil borligi aytilmoqda. Rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, o‘lim holatlari park atrofidagi Kimana qo‘riqxonasi va Kuku fermasi hududlarida qayd etilgan.

Ilgari Keniyada brakonerlik va odamlar hamda yovvoyi tabiat o‘rtasidagi ziddiyatlar tufayli fillarning zaharli moddalardan nobud bo‘lish holatlari kuzatilgan.

**Laboratoriya tahlillari va ekologik tekshiruvlar**

Nayrobi universiteti laboratoriyasi fillardan olingan namunalarda potentsial zaharli modda borligini aniqlagan. Biroq, hukumat laboratoriyasi tomonidan o‘tkazilgan alohida tahlillar zaharli moddalarni ko‘rsatmadi. Yovvoyi tabiatni muhofaza qilish xizmati qo‘shimcha tekshiruvlar davom etayotganini bildirdi.

Tashkilot bayonotida shunday deyiladi: “Fillarning umumiy manbadan zaharlanganini aniqlash uchun atrof-muhit bo‘yicha ham surishtiruvlar o‘tkazilmoqda. Jumladan, suv manbalari va boshqa ehtimoliy ifloslantiruvchi omillar tahlil qilinmoqda”.

Rasmiylar ushbu kasallikning odamlarga yuqishi bo‘yicha hech qanday dalil yo‘qligini aytib, aholini tinchlantirishga harakat qildi. Ammo fillarning ommaviy o‘limi mahalliy aholi va hokimiyat organlarida xavotir uyg‘otmoqda. Kajiado okrugi gubernatori Jozef Ole Lenku mintaqada ilgari bunday hodisa hech qachon bo‘lmaganini ta’kidladi. U Yovvoyi tabiatni muhofaza qilish xizmatidan surishtiruv natijalarini tezroq e’lon qilishni talab qildi.

Amboseli bog‘i o‘zining fillari va sahro manzaralari bilan dunyoga mashhur. Bog‘dan chegaraning narigi tomonidagi (Tanzaniyadagi) Kilimanjaro tog‘i ko‘rinib turadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, parkda 2000 ga yaqin fil yashaydi. Avvalroq Nepalda fil 14 yil davomida bir oilani ta’qib qilib, uning to‘rt nafar a’zosini o‘ldirgani haqida xabar berilgandi.

tekshiruvzaharlanishfil o'limikeniyaamboseli milliy bog'iyovvoyi tabiatni muhofaza qilishekologik surishtiruvbrakonerlik