Dunyo

Rossiya Germaniya sohillari yaqiniga Shimoliy flot kemasini yubordi

Rossiya Shimoliy floti tarkibidagi «Admiral Levchenko» harbiy kemasi Germaniyaning Femarn oroli yaqinida kuzatildi. Germaniyaning Kieler Nachrichten nashriga ko‘ra, kema Barens dengizidan Boltiq dengiziga ko‘chirilgan bo‘lib, u Rossiyaning «soya floti» deb ataluvchi neft tashuvchi kemalarini qo‘riqlash vazifasini bajarishi mumkin.

Rossiya Shimoliy flotining "Admiral Levchenko" kemasi Germaniya qirg'oqlari yaqinidan o'tdi.

Xabarlarga ko'ra, "Admiral Levchenko" 31-iyul kuni Germaniyaning Femarn oroli yaqinidan suzib o'tgan. Nemis jurnalisti kemani qirg'oqdan suratga olgan. Shuningdek, 1-avgust kuni Marineforum Online portali kemaning Rostok shahri shimolida suzib ketayotganini aks ettiruvchi suratni e'lon qildi.

Rossiya rasmiylari hozircha kemaning Boltiq dengiziga ko'chirilgani va unga yuklatilgan vazifalar haqida ma'lumot bermagan. Biroq Kieler Nachrichten tahliliga ko'ra, "Admiral Levchenko" avval Daniya va Germaniya o'rtasidagi Femarn-Belt bo'g'ozida navbatchilik qilgan shu toifadagi "Severomorsk" kemasi o'rnini egallashi mumkin.

Rossiya tomoni ilgari "Severomorsk" fuqarolik kemalari xavfsizligini ta'minlash vazifasini bajarayotganini bildirgan edi. Nemis nashri esa bu amalda Rossiya neftini tashuvchi va xalqaro sanksiyalarni chetlab o'tishda qo'llanadigan "soya floti" kemalarini qo'riqlashni anglatganini ta'kidlaydi.

Ma'lum qilinishicha, "Severomorsk" iyun oyi oxirida "uzoq dengiz safari vazifalarini yakunlagani" sababli Boltiqni tark etgan. Uning ketishidan so'ng mintaqada Rossiya Boltiq flotiga qarashli "Soobrazitelnyy" korvetigina qolgan edi. Endi esa unga yordam sifatida "Admiral Levchenko" yuborilgan.

Nashrning yozishicha, "Severomorsk" baza portiga qaytish yo'lida Germaniyada qurilgan va Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan bog'liq deb hisoblanadigan Graceful superyaxtasini ham kuzatib borgan. Mazkur yaxta 2022-yil fevral oyida, Rossiyaning Ukrainaga keng ko'lamli bosqini boshlanishidan sal avval, Gamburgdan Kaliningradga olib ketilgan edi. Shu yilning o'zida AQSh uni Rossiya rahbariyati bilan bog'liq aktiv sifatida sanksiyalar ro'yxatiga kiritgan.

OAV ma'lumotlariga ko'ra, keyinchalik Graceful Kaliningraddan Murmanskka yo'l olgan. Rasmiy hujjatlarda uning manzili Istanbul deb ko'rsatilgan bo'lsa-da, yo'nalish o'zgartirilgani yaxtani Ukraina dronlari ehtimoliy hujumlaridan himoya qilish maqsadi bilan izohlangan.

sanksiyalarboltiq dengizirossiya harbiy kemasigermaniya qirg'oqlariadmiral levchenkoseveromorsksoya flotigraceful yaxtasi