Mahalliy

Respublikada ishlayotgan kadastr xodimlarining bir qismi tumanlarga o‘tkaziladi

Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni to‘liq onlayn shaklga o‘tkaziladi. Natijada yiliga 500 mingta

Prezident Shavkat Mirziyoyev Kadastr agentligining faoliyatini yangicha yondashuvlar asosida tashkil etish hamda aholi va tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarni soddalashtirish bo‘yicha taqdim etilgan takliflar bilan tanishdi.

So‘nggi ikki yil ichida 1 million 200 mingdan ziyod ko‘chmas mulk obyekti xatlovdan o‘tkazildi. Bu jarayon natijasida qo‘shimcha 16,5 ming gektar yer maydoni va 49 million kvadrat metr qurilish maydoni aniqlandi. Aniqlangan obyektlarning 270 mingtasi kadastr bazasiga kiritilib, budjetga yiliga 315 milliard so‘mlik qo‘shimcha soliq bazasi yaratildi. Kadastr xizmatlarining 90 foizi hozirda onlayn tarzda ko‘rsatilmoqda.

Shunga qaramay, sohada aholi va tadbirkorlarni tashvishga solayotgan muammolar saqlanib qolayotgani ta’kidlandi. Joriy yilning birinchi yarmida kadastr xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha 1 milliondan ortiq ariza kelib tushgan bo‘lsa, ularning 330 mingtasi yoki 30 foizi rad etilgan. Bu degani, har uchta arizadan bittasi qanoatlantirilmagan. Bunday holatlar fuqarolarning ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflashiga, masalasini hal qilish uchun boshqa idora yoki shaxslarga murojaat etishiga sabab bo‘lib, korrupsiyaviy xavflarni kuchaytirmoqda.

Xizmatlarni raqamlashtirish jarayonida barcha qarorlarni markazlashgan tartibda qabul qilish amaliyoti shakllangani ham aholi uchun ortiqcha to‘siqlarni keltirib chiqargan. Xususan, noturar obyekt toifasini o‘zgartirish uchun viloyat yoki respublika darajasidagi tashkilot roziligi talab qilinmoqda. Bitta masalani hal qilish uchun fuqarolardan bir necha marta ariza topshirish va har bir ariza uchun alohida to‘lov qilish so‘ralmoqda. Masalan, bitta hovlini aka-uka o‘rtasida bo‘lish uchun to‘rtta, bitta merosni uch qismga ajratish uchun esa oltita ariza talab qilinadi. Bitta ariza tuman, viloyat va respublika darajasida 30-50 ta bosqichda ko‘rib chiqilib, jarayon o‘rtacha 15-20 kunga cho‘zilmoqda.

Yer nazorati sohasida jinoiy va ma’muriy javobgarlik choralari kuchaytirilgani ijobiy natija berayotgani qayd etildi. Biroq, faqat jarimalarni oshirish bilan cheklanmasdan, huquqbuzarlik oqibatlarini bartaraf etish va fuqarolarni qonuniy faoliyatga qaytarishga qaratilgan mexanizmlarni joriy qilish zarurligi ta’kidlandi.

Taqdimotda agentlikning boshqaruv tuzilmasi ham tanqidiy tahlil qilindi. Hozirda tuman va viloyat darajasida Kadastr agentligi hamda Kadastr palatasining alohida hududiy bo‘linmalari mavjud bo‘lib, tizim amalda ikkita rahbar tomonidan boshqarilmoqda. Tizimdagi xodimlarning 56 foizini rahbar va nazoratchilar, 44 foizini esa bevosita ijrochilar tashkil etadi. Ishga qabul qilish jarayonlarining murakkabligi sababli 700 dan ortiq ish o‘rni vakant qolmoqda. Xodimlarning 40 foizi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlamayapti. Qolaversa, viloyat darajasidagi rahbarlarga tuman bo‘linmalari rahbarlariga nisbatan intizomiy chora ko‘rish vakolati berilmagan. Natijada ijrochi xodimlarning ish yuklamasi ortib, mehnatiga haq to‘lash darajasi pastligicha qolmoqda.

Shu bois, kadastr xizmatlarini bosqichma-bosqich quyi bo‘g‘inga tushirish va hududiy bo‘linmalarning vakolatlarini kengaytirish taklif qilindi. Respublika darajasida ishlayotgan xodimlarning kamida 30 foizini tumanlarga o‘tkazish, respublika, viloyat va tuman darajasidagi Kadastr palatasi va xizmat ko‘rsatish tuzilmalarini birlashtirish nazarda tutilmoqda. Bu orqali hududiy bo‘linmalarning mustaqilligi va mas’uliyati oshiriladi, xizmatlar fuqarolarga yaqinlashtiriladi. Tuzilmaviy o‘zgarishlar jarayonida aholi sarson bo‘lmasligi uchun bir hafta muddatda «Kadastr maslahat burchagi» va «Tezkor kadastr» xizmatlarini yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilandi.

Agentlik faoliyatini «bitta ariza – bitta to‘lov» tamoyili asosida tashkil etish bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqildi. Yangi tartibga ko‘ra, ko‘chmas mulkka huquq paydo bo‘lganida ariza avtomatik ravishda shakllantirilib, proaktiv xizmat ko‘rsatiladi. Bu orqali bir yilda 1 million 200 ming nafar arizachining vaqti va mablag‘i tejaladi. Kadastrga oid barcha xizmatlarni bitta ariza asosida ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilib, yiliga 200 mingta ortiqcha ariza qisqartiriladi. Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni to‘liq onlayn shaklga o‘tkaziladi. Natijada yiliga 500 mingta arizani amaldagi 10-15 kun o‘rniga bir necha soniyada ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyati yaratiladi.

Ma’muriy javobgarlikni maqbullashtirish bo‘yicha takliflar ham ma’qullandi. Jumladan, 2018 yilga qadar noqonuniy qurilgan uy-joylar uchun jarima qo‘llamaslik, noqonuniy qurilish ixtiyoriy ravishda bartaraf etilganda javobgarlikni yengillashtirish taklif qilindi. Shuningdek, ko‘chmas mulk huquqini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun belgilangan muddatda ariza berilmagan holatda birinchi marta jarima o‘rniga ogohlantirish berish nazarda tutilmoqda.

Mutasaddilarga xizmatlarni soddalashtirish, ortiqcha bosqich va to‘lovlarni qisqartirish, qaror qabul qilish vakolatlarini quyi bo‘g‘inga tushirish hamda soha xodimlarining mehnat sharoitlarini yaxshilash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

raqamlashtirishma’muriy javobgarlikkorrupsiyaga qarshi kurashkadastr agentligixizmatlarni soddalashtirishyer nazoratitashkiliy o'zgarishlar"bitta ariza - bitta to'lov" tamoyili