Mahalliy

Davlat xizmatchilari uchun 11 razryadli yagona ish haqi tizimi joriy etilishi taklif qilindi

O‘zbekistonda davlat fuqarolik xizmatchilari uchun yagona ish haqi tizimini joriy etish taklif qilindi. Yangi tizimga ko‘ra, 54 ming nafar davlat xizmatchisi 11 razryadli ish haqi setkasiga o‘tkazilib, ustama va bonuslar KPI, malaka, tashabbuskorlik hamda erishilgan natijalarga qarab belgilanadi.

Davlat fuqarolik xizmatchilari uchun 11 razryadli yagona ish haqi tizimini joriy etish taklif qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga davlat fuqarolik xizmatchilarining oylik ish haqi tizimi va mehnatga haq to‘lash shartlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha taqdimotda ma’lum qilindi.

Taqdimotda qayd etilishicha, hozirda davlat xizmatchilari ish haqining atigi 15 foizini lavozim maoshi tashkil etadi, qolgan 70 foizgacha qismi esa xodimning aniq natijalariga bog‘liq bo‘lmagan ustama, mukofot va boshqa rag‘batlantiruvchi to‘lovlardan iborat. Bu holat bir xil lavozimda ishlaydigan xodimlar o‘rtasida ish haqida katta tafovutlarni keltirib chiqarmoqda.

Shuningdek, davlat xizmatchilari mehnatiga haq to‘lash tartibini belgilovchi yagona huquqiy hujjat mavjud emasligi, bu sohada 50 dan ortiq alohida normativ hujjat amalda ekanligi ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan 54 ming nafar davlat xizmatchisini qamrab oladigan yangi tizim taklif etildi. Unga ko‘ra, davlat organlari milliy, respublika, hududiy hamda tuman va shahar darajalariga, xodimlar esa ma’muriy boshqaruv, asosiy va qo‘llab-quvvatlash guruhlariga ajratiladi.

Xalqaro tajriba asosida 11 ta razryad va 6 ta pog‘onadan iborat yangi ish haqi setkasi joriy etilishi, o‘ndan ortiq ustama va mukofotlar o‘rniga esa uchta asosiy rag‘batlantirish to‘lovi qoldirilishi taklif qilindi.

Jumladan, ustamalar xodimning malakasi, funksional vazifalarni bajarishi, ijro va mehnat intizomi, tashabbuskorligi hamda KPI samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida hisoblanadi. Shuningdek, muhim va murakkab vazifalarni bajargan, innovatsion yondashuvlarni joriy etgan va yuqori natijaga erishgan xodimlarga hisobot davri yakuni bo‘yicha bonuslar to‘lash nazarda tutilmoqda.

Takliflarga ko‘ra, hududiy boshqarmalar xodimlarining ish haqi tegishli hokimliklardagi o‘xshash lavozimlar maoshidan yuqori bo‘lmaydi. Tuman va shaharlarda shtat birliklari hamda ish haqini belgilashda aholi soni va hududning o‘ziga xos xususiyatlari hisobga olinadi.

Prezident mehnatga haq to‘lash tizimida adolat va shaffoflikni ta’minlash, ish haqini xodimning malakasi, mas’uliyati va erishgan natijalari bilan bog‘lash muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, bonus to‘lovlari xodimning sun’iy intellekt va boshqa ilg‘or axborot texnologiyalarini o‘zlashtirishi, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini oshirishi kabi aniq mezonlar asosida berilishi belgilandi.

o‘zbekistonshaffoflikdavlat xizmatchilariish haqi tizimimehnatga haq to'lashadolatrag'batlantirishbonuslar